Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tumani bo‘limi tomonidan tadbirkor foydasiga 550 million so‘mlik qarzdorlik undirildi.

Byuro organlari tomonidan tadbirkorlar foydasiga undiruv bilan bog‘liq sud hujjatlari va boshqa organlar ijro hujjatlari ijrosi ta’minlanib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida ishlar olib borilmoqda. Jumladan, Byuroning Taxtako‘pir tuman bo‘limi ish yurituvidagi Chimboy tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 22 maydagi ijro hujjatiga ko‘ra qarzdor Taxtako‘pir tumani yo‘llardan foydalanish unitar korxonasidan “ASL GRAND OIL” mas’uliyati cheklangan jamiyati foydasiga 549 million 701,8 ming so‘m undirish belgilangan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida, qarzdor korxonaning xizmat avtomashinalari va bankdagi hisob raqami inkassa topshiriqnomasi orqali xatlovga olindi hamda belgilangan qarzdorlik to‘lig‘i bilan undirildi.

Ijro hujjati esa O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi Qonunning 41-moddasiga asosan amalda tamomlangan.


Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri