Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 17-18 iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida ko‘plab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, viloyatda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish yuzasidan tegishli vazifalarni belgilab bergan edi.

O‘tgan vaqt mobaynida mazkur topshiriqlar ijrosi yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, o‘tgan 2021-2022 yillarda viloyatda umumiy qiymati qariyb 20 trillion so‘m teng 600 dan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Bunda to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sohalari “drayver” bo‘ldi.

Birgina 2022 yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 54,5 trillion so‘mni tashkil etib, 2021 yilga nisbatan 8,6 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 22,6 foizga, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 43,1 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 3,5 foiz, qurilish ishlari hajmi 7,2 foiz, chakana savdo aylanmasi 11,3 foiz, kapital qo‘yilmalar hajmi 19,9 foiz, xizmatlar hajmi 12,9 foiz, tashqi savdo aylanmasi 35,3 foiz, eksport hajmi 27,3 foizga o‘sdi.

2022 yil davomida 5 ming 406 ta kichik biznes sub’ektlari tashkil etilib, ro‘yxatga olingan xo‘jalik sub’ektlari soni 42,2 mingtaga yetdi. Shuningdek, faoliyat ko‘rsatmayotgan 1 ming16 ta xo‘jalik sub’ekti  faoliyati tiklandi. Natijada 14,7 mingta ish o‘rinlari yaratildi. Viloyatda o‘tgan yili umumiy qiymati 924 million AQSH dollariga teng 633 ta loyiha ishga tushirildi. Buning natijasida 41,1 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi. Birgina qurilish yo‘nalishida 1,2 trillion so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 162 ta loyiha amalga oshirildi. Ana shu loyihalarning 135 tasi ishga tushirildi, 27 tasi joriy yilda foydalanishga topirilishi belgilangan.

Yil yakuni bilan 757,5 million dollarlik shundan, 708,4 million dollar miqdorda sanoat mahsulotlari, 49,1 million dollar miqdorda meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinib, belgilangan reja 111 foizga bajarildi.

Viloyatda aholi bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2022 yilda 457,1 mingta ish o‘rinlari yaratilib, aholini ish bilan ta’minlash dasturi ijrosi 105,2 foizga bajarildi. Natijada ishsizlik darajasi 9,9 foizdan 8,7 foizga kamaytirildi.

Aholini bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida qariyb 40 mingta kambag‘al oilaning daromadlarini  ko‘tarishga erishildi. Yoki 73 mingta oilalarning daromadi 2,8 million so‘mdan o‘rtacha 4,5 million so‘mga ortdi. Natijada viloyatda kambag‘allik darajasi 19,3 foizdan 17,4 foizga pasaydi. 2022 yilda kichik biznes sub’ektlariga 5,1 trillion so‘m miqdoridagi kreditlar ajratilib, 42 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida aholiga 871,9 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

“Temir daftar” ga kiritilgan 7 ming 290 oilaga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 6 milliard 164 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Ishsiz 3 ming 892 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Natijada, 3 ming 369 ta oila “Temir daftar” dan chiqarildi.

Yil boshida 1 million 628,5 ming nafar xotin-qiz “Xotin-qizlar.uz” platformasiga kiritildi. Viloyatda “Ayollar daftari” ning 3-bosqichiga  63 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand xotin-qiz kiritilib, ularning barchasiga turli yordamlar ko‘rsatildi, muammolari hal etildi.

“Yoshlar daftari”ga 20 ming 885 nafar ijtimoiy-iqtisodiy yordamga muhtoj bo‘lgan yoshlar kiritilib, ularning 20 ming 488 nafariga yordam ko‘rsatildi.

Viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 32 ta mahalladagi 431 ta ob’ektda 370 milliard so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Natijada 106 ming nafardan ziyod aholining turmush sharoitlari yanada yaxshilandi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, jami 3,2 mingta xonadonli 115 ta uy-joy barpo etilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, “Yangi

Andijon” shahrida 601 xonadonli 18 ta hamda tuman va shaharlardagi qator massivlarda 98 ta 2 ming 747 xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Barcha manbaalar hisobidan 287,7 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 176 ob’ektda 854,4 kilometr ichimlik hamda oqava suv tarmog‘i, 150 ta suv qudug‘i, 18 ta suv inshooti qurildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada, viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 84,2 foizdan 85,5 foizga ortdi. Investitsiya dasturi doirasida 347 kilometr masofadagi avtomobil va ichki yo‘llar ta’mirlandi.

Viloyatning turli hududlarida 93,4 gektar yer maydoniga ega 20 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” lari tashkil etildi. Mazkur sanoat zonalarida 2022-2023 yillarda umumiy qiymati 902,1 milliard so‘mga teng 900 ta loyiha amalga oshirilishi, 14,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. 2022 yilda umumiy qiymati 428,5 milliard so‘mlik 475 ta loyiha amalga oshirilib, 6 ming 253 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Bundan tashqari, viloyatda tibbiyot, maktabgacha ta’lim, ta’lim, turizm, qishloq xo‘jaligi, umuman, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha sohalarida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.

 

Faxriddin UBAYDULLAEV,  

Zuxriddin UMRZOQOV (foto),  

O‘zA