Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida “O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar” mavzuida xalqaro seminar o‘tkazildi.

Unda Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Suguru Miyazaki tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik va mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar xususida O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

–Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti va  Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)  mutaxassislari O‘zbekistonda energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha turli yechimlar taqdimotini o‘tkazdi. Umuman, tashkilotimiz mamlakatingizda ko‘p yillardan buyon iqtisodiy sohalarda hamkorlik qilib keladi. Bu borada qilinayotgan ishlarning asosiy maqsadi  O‘zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishiga hissa qo‘shishdan iborat.

Bugun “O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar” mavzuimiz juda muhim ahamiyatga ega. Chunki binolarda, umuman, turli iqtisodiy sohalarda tejalgan energiya, bu nafaqat tanqis bo‘lgan energiya manbalarini unumli ishlatishga olib keladi, balki uni  boshqa sohalar ehtiyoji uchun ishlatish mumkin. Masalan, neft-kimyo  va ko‘plab tizimda ushbu manbaga bo‘lgan talab qondiriladi. Ko‘rib turganingizdek, bu amalga oshirilgan choralarning samaradorligi va iqtisodiy natijadorligini yanada oshiradi.

Tashkilotimiz yaponiyalik mutaxassislarni O‘zbekistonga taklif qilib, mana shu  yechimlar taqdimotini tashkil qilish bilan cheklanmaydi. Aksincha, biz O‘zbekiston hukumati va bu yerdagi boshqa hamkorlarimiz  bilan birgalikda bu bo‘yicha choralarni amalga oshirishda hamkorlik qilishni davom ettiramiz. Bu hamkorlik texnik ko‘mak yoki moliyalashtirish, umuman, bizning muzokaralarimiz natijasida kelishib olingan har xil   shakllarda amalga oshirilishi mumkin.

 

O‘zA muxbiri  

Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi