Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FAR) o‘rtasida FAR ko‘magida loyihalar amalga oshirish va barqaror rivojlanishga yordam beruvchi istiqbolli tashabbuslarni belgilashga bag‘ishlangan yillik maslahatlashuv o‘tkazildi.

Tadbir doirasida agentlik faoliyatining 2022 yildagi natijadorligi qayd etildi, joriy yil uchun mo‘ljallangan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq tadbirlar “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil noyabr oyida Fransiyaga davlat tashrifi FAR va mamlakatimiz vazirlik, idoralari hamkorligini oshirishga kuchli turtki bergani alohida ta’kidlandi.

25-27 yanvar kunlari FARning O‘zbekistonda qattiq chiqindilarni boshqarish, “yashil iqtisodiyotni” rivojlantirish, chorvachilik va aholi salomatligini muhofaza qilish sohalaridagi umumiy qiymati 814 million yevrolik 9 ta loyihasini amalga oshirish jarayonini tahlil qilish uchun texnik yig‘ilishning birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Maslahatlashuv yakunida ikki tomon delegatsiya vakillari energetika, “Yashil iqtisodiyot”, shaharni rivojlantirish, suvdan foydalanish va barqaror moliyalashtirish sohalaridagi qo‘shma loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish istagini bildirdi.

O‘zA