Orol bo‘yida ekologik ahvol keskinlashuvi – zamondoshlarimizni tashvishga solayotgan global muammo. Orol tangligi yirik mintaqaviy ekologik halokat bo‘lib, dengiz havzasida yashaydigan 35 milliondan ziyod kishi, shu jumladan, O‘zbekiston aholisining katta qismi ayni ta’sir ostida yashamoqda. Ming afsuski, yaqin o‘tmishda dunyodagi eng yirik ko‘llardan hisoblangan Orol tezlik bilan qurimoqda.

– Tabiat in’omi bo‘lgan Orolni asl holiga qaytarish imkoniyati, afsuski, qolmadi,  deydi Tabiat resurslari vazirligi Biologik xilma-xillikni asrash boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov.  bugungi sharoitda dengiz sathini saqlab qolishning ham iloji yo‘q. Shamol qurigan hududdan ko‘tarilgan qum va tuzni uchirishiga qarshi chora ko‘rish uchun sun’iy o‘rmonlar bunyod qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bois 1981 yildan boshlab dengizning qurigan qismida daraxt va buta: oq, qora saksovul, qandim, churkez va boshqa o‘simliklar o‘stirishga e’tibor berila boshlandi. Bu chora samara berib, hozir yiliga 25 ming gektar o‘rmon tashkil qilinmoqda.

2022 yil davomida Orol dengizining qurigan hududida global ekologik muammoning oldini olish va aholining ijtimoiy-iqtisodiy yashash tarzini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar olib borildi. Xususan, 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplama” barpo etildi. Mahalliy aholi ko‘magida 590,3 tonna cho‘l o‘simligi urug‘i jamg‘arildi. Yuz gektar saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan nihol xonalar tashkil etildi.

Ma’lumki, o‘simlik yoki ko‘chat ekish bilan ish bitmaydi. Ko‘zlangan natijaga erishish uchun barpo etilgan “yashil qoplama” o‘sishi, ko‘chatlar ko‘karib, unib ketishini doimiy ravishda nazorat qilish talab etiladi. Shu bois ayni yo‘nalishdagi ishlarni olimlar doimiy monitoring qilib boradi. Hozir cho‘l o‘simliklarini ko‘kartirish bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilyapti.

Joriy yil ham bu borada tizimli ishlar rejalashtirilgan. Jumladan, 2023 yil yuz  ming gektar maydonda “yashil qoplama” himoya o‘rmonzori barpo etiladi. “Yashil qoplama” barpo etish, xatosini to‘ldirish uchun jami 420 tonna saksovul, qandim, qoraburoq kabi cho‘l o‘simliklari urug‘i jamg‘ariladi. Saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan nihol xonalar tashkil etiladi. O‘rmon-meliorativ tadbirlarini amalga oshirish uchun zarur miqdordagi texnika va mexanizm, mutaxassis va ishchi-xodim, shuningdek ixtiyoriy ravishda aholi jalb etiladi.

2023 yil “yashil qoplama” barpo etishni moliyalashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi farmoyishi asosida joriy yil jami 25 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi.

Bundan tashqari Orolbo‘yi mintaqalari – Navoiy viloyatida 50 ming gektar, Buxoro viloyatida 40 ming gektar hamda Xorazm viloyatida 11 ming gektar maydonda “yashil qoplama” barpo etildi.

Shu o‘rinda aytish kerak, Orol va Orolbo‘yi muammosini hal qilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorlikda ish olib bormoqda. AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va boshqa rivojlangan mamlakatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon Banki va turli davlat hamda nodavlat xalqaro tashkilotlar ushbu asr muassosini ijobiy hal qilishga hissa qo‘shmoqda.

Go‘zal Sattorova, O‘zA