Bugun, 31 yanvar kuni Buxoro viloyat sudida 2022 yilning 1-2 iyul kunlari Nukusda ommaviy tartibsizliklarda ayblangan 22 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Mazkur ish Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Yelubay Abibullayev raisligida birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqildi.

Sud hukmiga ko‘ra, Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizlik bo‘yicha quyidagi shaxslarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi: Salamat Kalilayev 3 yilga; Nurlan Sultamuratov 3 yilga; Po‘lat Nurniyazov 4 yilga; Qaharman Seytimov 5 yilga; Berdaq Genjebayev 5 yilga; Saipnazar Kalimov 6 yilga; Arislan Temirxanov 6 yilga; Polat Shamshetov 6 yilga; Amirbek Adilbekov 7 yilga; Baxtiyar Kadirbergenov 7 yilga; Seydabulla Medetov 7 yilga; Nurlan Nayipov 7 yilga; Razbek Bekmuratov 8 yilga; Sultanbek Kaipov 8 yilga; Dao‘letmurat Djiyemuratov 8 yilga; Bayram Seytniyazov 8 yilga; Allabay Toqimbetov 8 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.

Quyidagi fuqarolarga esa ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, sud zalidan ozod qilindi: Azamat Nuratdinov 4 yil 5 oy 17 kun; Axmet Smetullayev 4 yil 5 oy 8 kun; Azamat Turdanovga 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 4 yil 5 oy 5 kunga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, Lolagul Kallixanova 3 yil sinov muddati bilan shartli ravishda jazo belgilandi va qamoqdan ozod qilindi.

Mahkumning xulqi doimiy nazoratda bo‘ladi. Agar sudlanganlar tomonidan sinov shartlari buzilsa, ya’ni, shartli hukm qilingan shaxs sinov muddati davomida sud unga yuklagan majburiyatlarni bajarmasa yoxud jamoat tartibi yoki mehnat intizomini buzib, unga ma’muriy yoki intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilgan bo‘lsa, sud uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi organ taqdimnomasiga binoan jazoning shartliligini bekor qilib, hukmda tayinlangan jazoni ijro etish to‘g‘risida ajrim chiqarishi mumkin. Davletmurat Tajimuratovga sud 16 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

U uyushgan guruh tashkil qilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasining amaldagi hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida joriy yilning 1-2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda ayblangan. Prokuror sudda Tajimuratovga 18 yil berishni so‘ragan. Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlar oqibatida yetkazilgan 6,8 milliard so‘mdan ortiq zararning 256 million so‘mi qoplangani inobatga olinib, qoplanmagan 6,5 milliard so‘mdan ziyod moddiy zararni sudlanganlardan solidar tartibda undirish belgilandi.

O‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilingan 228 million so‘m zararni Dauletmurat Tajimuratovdan undirish, sudlanganlarga tegishli bo‘lgan, xatlovga olingan mol-mulklarni keltirilgan zararni qoplashga qaratish belgilandi. Ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, sud zalidan ozod qilingan ikki nafar fuqaro esa o‘z minnatdorligini bildirdi.

O‘zA