Qaror va ijro

Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida “O‘zbekistonda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar” mavzusida xalqaro seminar o‘tkazildi.

Mazkur ilmiy muassasa va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Energetika vazirligi mas’ullari, soha olimlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimiz energetika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarda aholini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash barobarida ushbu manbadan samarali va tejamkorlik bilan foydalanish chora-tadbirlari ham ko‘rilmoqda.

Boisi, yildan yilga tabiiy resurslarning kamayib borishi va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortishi kuzatilayotganda, uning samaradorligi va tejamkorligi ham o‘ta muhim vazifalardandir. Ayni talablardan kelib chiqib, o‘tkazilgan tadbirda energiya samaradorligiga erishish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada samarali tashkil qilish va bu jarayonda xalqaro tajribani o‘rganishga e’tibor qaratildi.

Energetika vazirligi bo‘lim boshlig‘i Ilhom Samiyev iqtisodiyot tarmoqlarida yoqilg‘i-energiya resurslari tejalishining maqsadli ko‘rsatkichlarini tahlil qilar ekan, bu jarayonda huquqiy, ilmiy va amaliy natijalarga erishilayotganini qayd etdi.

– Energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning huquqiy bazasi yaratildi, – I.Samiyev. – Xususan, bu borada O‘zbekiston Respublikasining qonuni, farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjatlari qabul qilindi. 2022-2023 yillarda vazirlik va idoralarning 6 mingdan ortiq ob’ektlarda energiya sarfi hajmida muqobil energiya manbalari ulushini 30 foizga yetkazish, 2030 yilga kelib energiya sig‘imliligini 1,5 marta kamaytirish va taxminan 8 GVt quvvatga ega qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda quyosh energiyasi 4 GVt va  shamol energiyasi  4 GVtni tashkil etadi.

U, shuningdek, 2026 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard  metr kub tabiiy gazni tejash va energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirishga erishilganini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda davlatimiz rahbarining 2022 yil  2 dekabrdagi «2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar natijasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

2022-2026 yillarda issiqxona gazlarining yalpi ichki mahsulot birligiga nisbatan solishtirma ajratmalarini 2010 yildagi darajadan 35 foizga qisqartirish, sanoat sohasida energiya samaradorligini kamida 20 foizga oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ishlab chiqarish quvvatini 15 GVtga oshirish va ularning ulushini elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmining 30 foizidan ko‘prog‘iga yetkazish kabilar shular jumlasidan.

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Miyazaki Suguruning ta’kidlashicha, seminarda tahlil etilgan mavzu juda dolzarb va yechimini kutayotgan masalalardan biridir.

– bugungi tadbirda institut va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi mutaxassislari mamlakatimizda energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirishga olib keladigan  turli yechimlar taqdimotini o‘tkazdi. Umuman,  tashkilotimiz mamlakatingizda ko‘p yillardan buyon iqtisodiy sohalarda  hamkorlik qilib keladi. Bu borada qilinayotgan ishlarning asosiy maqsadi O‘zbekistonda iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishga hissa qo‘shishdan iborat, – dedi vakolatxona rahbari.

“Darhaqiqat, iqtisodiy rivojlanish deganda, bugungi mavzumiz juda muhim ahamiyatga ega. Chunki binolarda, umuman,  turli iqtisodiy sohalarda tejalgan energiya, bu nafaqat  tanqis bo‘lgan energiya manbalarini unumli ishlatishga olib  keladi, balki uni  boshqa  sohalar ehtiyojini qondirishda ishlatish mumkin bo‘ladi. Masalan,  neft-kimyoda  va ko‘plab tizimda ushbu manbaga bo‘lgan talabni qoplaydi. Ko‘rib turganingizdek, bu  amalga oshirilgan choralarning samaradorligi va iqtisodiy natijadorligini yanada oshiradi”, qo‘shimcha qildi M.Suguru.


Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri