Oliy Majlis Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov Jahon banki vakili Daniela Felkman bilan uchrashdi. Bu haqda Senat axborot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda Jahon banki bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalari, shuningdek, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan islohotlar, qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish jarayonida ularda korrupsion omillarga yo‘l qo‘ymaslik borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan 90 ga yaqin, shundan bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi, shuningdek, “Korrupsiyasiz soha” loyihalari, “Yo‘l xaritalari” va Dasturlar doirasida bir qator ijobiy yutuqlarga erishilayotgani ta’kidlandi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinib, unda ishga kirishga nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini huquqiy tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholash mezonlari, ularning malakasini oshirishga oid qator normalar belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida 2022 yilda qabul qilingan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida korrupsiyadan xoli mamlakat barpo etish belgilanganligi davlat idoralari, xususan, parlament oldiga bu boradagi ishlarni amalga oshirishda ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Shuningdek, bugungi kunda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun parlamentda muhokama qilinayotgan bo‘lsa, “Davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda Jahon banki vakillari tomonidan “O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha institutsional salohiyatini kuchaytirish” mavzusidagi Bank loyixasining  maqsadi va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi va ularni amalga oshirishda parlamentning roli to‘g‘risidagi masalalar muhokama etildi.

Uchrashuv yakunida Jahon banki bilan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

O‘zA