Joriy yilning 16-18 may kunlari YeTTB Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yig‘ilishi Samarqand shahrida o‘tkaziladi. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida mazkur nufuzli tadbirni yurtimizda o‘tkazish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Tadbirda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi Bosh direktori Shuhrat Vafoyev, Bank tomonidan esa O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan YeTTB Bosh kotibi Kazuxiko Koguchi ishtirok etdi.

Imzolangan hujjat YeTTB a’zo 73 ta davlatdan 1500 dan ortiq mehmon ishtirok etadigan YeTTBning yillik yig‘ilishi va biznes-forumga tayyorgarlik ko‘rish, tadbirlarni o‘tkazish va yoritish bo‘yicha har bir tomonning aniq tashkiliy vazifalarini belgilaydi. Bunday yuqori darajadagi tadbirning o‘tkazilishi O‘zbekistonning jahon investitsiyaviy hamjamiyatidagi obro‘sini oshirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ishbilarmon doiralar vakillariga mamlakatimizning iqtisodiy, sarmoyaviy, sanoat va ishlab chiqarish salohiyati, boy madaniyati bilan batafsil tanishish imkonini berishi kutilmoqda.

Tadbirning asosiy mavzusi iqtisodiyot barqarorligiga sarmoya kiritish bo‘ladi. Yig‘ilish davomida Bankka a’zo mamlakatlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishga qaratilgan panel muhokamalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Biznes-forumda makroiqtisodiy vaziyat, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishda xususiy sektor va davlatning roli, hududlararo munosabatlar, iqtisodiy integratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamlashtirish va boshqa ko‘plab masalalar yuzasidan ekspertlar ishtirokida muhokama qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991 yil 28 martda tashkil etilgan. Bosh qarorgohi Londonda joylashgan. O‘zbekiston 1992 yil 30 apreldan buyon mazkur yirik bankning a’zosi hisoblanadi. Bankning Toshkent shahrida vakolatxonasi 1993 yil mayda, Andijon shahrida 2019 yil oktyabrda, Urganch shahrida – 2021 yil iyun oyida ochilgan.

Qayd etish joiz, YeTTB yig‘ilishini Samarqandda o‘tkazish uchun ariza O‘zbekiston tomonidan 2019 yilda taqdim etilgan. O‘sha yilning o‘zida YeTTB delegatsiyasi yillik yig‘ilishni mamlakatimizda o‘tkazish imkoniyatini ijobiy baholangan edi.

 

G.Sattorova  

O‘zA