Xalqimizning turmush farovonligini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini va aholi bandligini ta’minlash, barqaror rivojlanishga erishishda qishloq xo‘jaligining o‘rni juda katta.

Mamlakatimizda kuzatilgan sovuq havo o‘yg‘onayotgan ekinlarga zarar yetkazdimi? Hududlarda g‘alla va paxta ekinlariga sovuq ta’sirining oldini olish uchun qanday ishlar amalga oshirildi?

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi Otajon Pirmotov bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni ma’lum qildi.

– Bizda qishloq xo‘jaligi asosan meva-sabzavotchilik, paxta va g‘alla yo‘nalishida tashkil etilgan. Bularning hammasiga, albatta, ob-havoning ta’siri bo‘ladi. Ammo aholining bu boradagi xavotiri aslida unchalik asosli emas. Sababi bugungi kunda respublikadagi g‘alla maydonlari qor ostida to‘liq tinim davrini o‘tamoqda. Bu davrda g‘alla nihollari o‘sishdan to‘xtaydi hamda kunlar ilib, o‘rtacha kunlik havo harorati +5 darajaga ko‘tarilgandan so‘ng g‘alla tinim davridan chiqadi. Tinim davridan chiqqan g‘alla maydonlarida bargdan suspenziya usulida oziqlantirish va boshqa agrotexnik tadbirlar o‘tkaziladi.

Mamlakatimizda kuzatilgan anomal sovuq harorat kuzgi g‘alla maydonlariga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Hududlarda joriy yil hosil uchun ekilgan kuzgi g‘alla har yilgidan erta muddatlarda ekilgan bo‘lib, tuplangan holda tinim davriga kirgan. Kuzgi g‘allaning sovuqqa chidamliligi asosan uning tuplash bo‘g‘ini chuqurligi bilan bog‘liq.

Kuzgi bug‘doy asosan unib chiqish davrida qor qatlami mavjud bo‘lganda -7…-90 daraja va 3-4 barg fazasida -180 darajagacha, tuplash fazasidagi g‘alla nixollari -23…-240 darajagacha bo‘lgan sovuqlarga chiday oladi.

Respublikaga kirib kelgan sovuq oqim hisobiga joriy yil 9-11 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari barcha hudular o‘rtacha 15-25 sm qalinlikdagi qor bilan qoplandi.

Qoplangan qor o‘simliklarni past havo haroratidan himoya qiladi hamda qor yog‘gan vaqtdagi tuproq harorati saqlanib qolib tuproq muzlashining oldini oladi. O‘simliklarning chiniqish davri qulay sharoitlarda o‘tishi hisobiga kuzgi boshoqli don ekinlarining tuplash bo‘g‘inida zaxira oziqa moddalar to‘plashi natijasida keyingi vegetatsiya davrida o‘sish va rivojlanishiga ijobiy ta’sir qiladi.

Sovukdan saqlash maqsadida g‘alla maydonlariga chirigan mahalliy o‘g‘it (go‘ng) sepilib, g‘o‘za qator oralariga ekilgan g‘alla maydonlarini g‘o‘zapoyalardan tozalash ishlari sovuq kunlar tugagunga qadar to‘xtatildi.

Shuningdek, elektr energiya cheklovlari bo‘lishi inobatga olinib, nasos agregatlari va lotok tarmoqlarining muzlab yorilishining oldini olish maqsadida ulardan foydalanish ham vaqtincha to‘xtatildi. Sovuq ta’sirida g‘allaga zarar yetishi kuzatilgan holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mutasaddilari va olimlar ishtirokida shtablar tashkil etilib, g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklarga amaliy yordam berish ishlari tashkillashtirildi.

Bir narsani alohida ta’kidlardimki, ko‘p miqdorda qor yog‘ishi sho‘rlangan maydonlarda tuz miqdorining kamayishiga ta’sir etadi. Turli zararli hasharotlar kamayadi, kasalliklar sporalari nobud bo‘ladi va tarqalmaydi. Tuproqda zaxira namning to‘planishiga yordam beradi va o‘simliklarning vegetatsiya davrida (suvga bo‘lgan talabi kamayadi) foydalanishiga olib keladi. Sug‘orish muddati uzayishi va me’yorlarining kamayishi hisobiga suv resurslari tejalib, tuproqning strukturasi yaxshilanadi, uning g‘ovakligi oshadi.

Qor issiqlik o‘tkazuvchidir. Shuning uchun u sirtdan ko‘ra ostida issiqroq. Chunki qor tuproqni, mikroflorani va o‘simliklarni chuqur muzlashdan himoya qiladi. Har bir santimetr ularning sovuqqa chidamliligini 1 darajaga oshiradi.

Katta qorli qoplam ostida tuproq harorati nolga yaqin va shuning uchun juda sayoz muzlaydi. Bahorda qor erishi bilan namlik tezroq so‘riladi. Agar ozgina qor bo‘lsa, yer muzlaydi va suv uning ustida turadi yoki yon bag‘irlarga tarqaladi. O‘rganishlarga ko‘ra, 1 kg qorning erigan suvida 7,4 mg.gacha azot va oz miqdorda fosfor mavjudligi aniqlangan. Qor suvi yuqori fiziologik faollikka ega bo‘lib, o‘simliklarning o‘sishini rag‘batlantiradi.

Namlik tuproqning qaysi chuqurligigacha yetgan bo‘lsa, boshoqli don ekinlarining birlamchi ildizlari ham shunday chuqurlikka boradi. Shunday bo‘lgan yillarda boshoqli don ekinlari qurg‘oqchilikdan kamroq zararlanadi. Bundan tashqari, qishki qor to‘planishi hosilni 10-15 foizga oshiradi. Qor o‘zgaruvchan modda bo‘lib, u zichlashishi bilan 1 kg tushgan qor deyarli 1 litr erigan suvni berishi mumkin bo‘lsa, unda bir kubometr zich qor qoplami 400 litrgacha suv bilan ta’minlaydi.

Sabzavot ekinlarini yetishtirish muddatlari turlicha bo‘lib, qorning foydasi to‘qsonbosti muddatda sabzavot ekinlariga ko‘proq bo‘ladi. Bunda ekinlar ustki qatlamini qor qoplaganda sovuq urishidan asrash bilan birgalikda suv bilan ta’minlashi olim va dehqonlarimiz tomonidan kuzatilgan. Sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining aksariyat qismi asosan suvli joylarda yetishtiriladi. Qorning ko‘p yog‘ishi o‘z navbatida suv zaxiralarini tashkil etish va yil davomida suvga bo‘lgan ehtiyojni qondiradi.

Joriy yil respublika hududlarida yog‘ingarchilik, jumladan qor yog‘ib, uzoq vaqt davomida havo harorati – 7℃ dan – 20℃ gachani tashkil etib, yerlar muzlashi kuzatildi. Bu esa ayrim mevali daraxtlarning (anjir, xurmo, anor, malina, limon) hamda ko‘milmagan tokzorlarga qisman zarar yetkazishi mumkin.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.

O‘zA