So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati tashqi siyosatda o‘z progmatik pozitsiyasi bilan barcha masalalarda iqtisodiy sheriklik, integratsion va institutsional hamkorlik o‘rnatish hamda qulay investitsion muhit yaratishga intilmoqda.

Bunday konstruktiv va diplomatik munosabatlarni ayniqsa, chegaradosh davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik, chegaraviy muammolarni tinch yo‘l bilan hal etishda erishilgan kelishuvlarda ko‘rish mumkin.

O‘zaro ishonch asosida ikki mamlakat o‘tgan yili o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish orqali ko‘p yillik og‘ishib kelayotgan geosiyosiy vaziyatlarni muvozanatlashtira oldi. Eng muhimi, oqilona olib borilgan muzokaralar o‘laroq, ikki davlat o‘rtasida munozarali hududlar qolmagani e’tirof etilmoqda.

Jumladan, Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidentining taklifiga binoan 26-27 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan umbu mamlakatga borganida, Prezident Sadir Japarov qirg‘iz-o‘zbek chegarasi bo‘yicha delimitatsiya kelishuvlari xayrli islohotlarga bog‘lanib ketayotgani, o‘zaro ziddiyat yo‘qligini e’tirof etishi iqtisodiy yuksalish yo‘lidan borayotganimizdan dalolat.

Bunday yaratilgan mo‘’tadil siyosiy iqlim muhiti, oliy darajadagi rahbarlar uchrashuvi ortida ikki mamlakatning yuzdan ortiq ishbilarmon doiralari shartnomalar imzolashiga poydevor bo‘ldi. Bu oddiy sa’y-harakatlar emas, bu ertaga oliy ta’lim muassasalarini bitirib, katta hayotga qadam qo‘yayotgan kadrlarga munosib minglab ish o‘rinlari yaratish demakdir.

Shu o‘rinda ikki mamlakat munosabatlari tarixiga qisqacha nazar tashlasak, qardoshlar do‘stlik tarixi chorak asrga borib taqaladi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston diplomatik munosabatlari Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng 1992 yil iyulda Toshkentda Qirg‘iziston elchixonasi, 1998 yil oktyabr oyida Bishkekda O‘zbekiston elchixonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, 1996 yil 24 dekabrda ikki davlat o‘rtasida imzolangan abadiy do‘stlik borasidagi shartnoma davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi hisoblanadi. Shuningdek, 1994 yil 16 yanvarda imzolangan «Madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan, ta’lim, turizm va sport bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida»gi hukumatlararo bitim, 1996 yil 24 dekabrda imzolangan «Madaniy hamkorlik to‘g‘risida»gi muassasalararo bitimga muvofiq o‘zaro yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari shakllanib kelmoqda.

Har bir millatning qachonki, ma’nan, jismonan va intellektual jihatdan, ya’ni ta’lim-tarbiyasi taraqqiy etsa, uni jahon tan oladi. O‘sha mamlakatda rivojlanish kuzatiladi. Xalqlarimiz ana shunday bebaho boy ma’naviy-moddiy meroslar va iqtidorli farzandlarga ega bo‘lib, yosh avlodni barkamol insonlar etib tarbiyalashga katta ahamiyat bermoqda. Bir tomondan ushbu faktorlar xalqlarimiz azaliy urf-odatlari, umuminsoniy dunyoqarashlarining mushtarakligida ko‘rinadi. Masalan, o‘zbek xalqining «Alpomish» eposi bo‘lsa, qirg‘izlarda «Manas», o‘zbeklarda Alisher Navoiy timsol bo‘lsa, qirg‘izlarda XX asrning zabardast adibi Chingiz Aytmatov insoniyatni yuksak maqsadlar sari boshlashi bilan ikki xalq kelajagi porloqligini anglatadi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr oyida Qirg‘iziston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi shartnoma natijasida 85 foiz davlat chegaralarining belgilanmagan hududlari bo‘yicha vaziyatga tinch yo‘l bilan aniqlik kiritishga asos bo‘ldi.

Shu bilan birga, hududlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada jadallashtirish maqsadida Toshkent va Bishkek shaharlari, Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamda madaniy gumanitar sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.

Mazkur shartnomalarga muvofiq, Andijon viloyatining «Do‘stlik», Namangan viloyatining «Kosonsoy», «Baymoq» nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati yangidan yo‘lga qo‘yildi.

Ming yillardan beri quda-anda, qavmu qarindosh bo‘lib kelayotgan xalqlar uchun, ayniqsa, Qirg‘iziston fuqarolari uchun Farg‘ona viloyatining Qadamjoy va Vodil maskanlari orqali chegaradan o‘tish tartibi soddalashtirilib, qulayliklar yaratildi.

Bunday yangi va qayta qurilgan o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi 18 dan ortiq o‘tkazish punktlari zamonaviy talablar asosida qulay ishga tushirilgani, bordi-keldi qatnovlari sezilarli ko‘paygani o‘zbek-qirg‘iz chegarasining «Do‘stlik chegarasi»ga aylantirish missiyasining hayotiy isbotidir.

Globallashuv sharoitida ikki mamlakat bir-birini to‘ldiruvchi tabiat resurslari, oziq-ovqat va sanoat tarmoqlariga ega bo‘lib, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, agro sanoat, temir yo‘l, transport va iqtisodiyotning boshqa jabhalarida foydali loyihalarni amalga oshirishni ko‘zlaydi.

Shu bois davlatimiz rahbari topshirig‘iga asosan, 2021 yilning
1 yanvar kunidan boshlab O‘zbekiston tomonidan Qirg‘izistonga 73 turdagi tovarga import aksiz solig‘i olib tashlandi. Soliq yuki yengillashgach, o‘zaro savdo-iqtisodiy munosabatlar integratsiyalashuvi jadal tusga kirmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va suv, transport sohalaridagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda, jumladan, o‘zaro savdo hajmi 7 barobarga oshgan, 2022 yilda tovar ayirboshlash 30 foizga ortib, 1,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Shu o‘rinda Qirg‘iziston Respublikasining iqtisodiy ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratsak, Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyoti 2022 yilning 7 oyi mobaynida barqaror o‘sish sur’ati 3 foizni tashkil etgan. Mutanosib ravishda 2023 yilda 3,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) hisobotiga ko‘ra, inqiroz rejasi yalpi ichki mahsulotning (YAIM) 2,5 foizini tashkil etgan. Ko‘rinib turibdiki, pandemiyaning og‘ir sharoitiga qaramasdan qo‘shni davlat o‘z iqtisodiy barqarorligini saqlab qolishga intilgan.

Darvoqe, «Yaxshi qo‘shni yomon kuningda sinaladi» degan naql bejiz aytilmagan. Dunyo xalqlari boshiga kelgan pandemiya sharoitida O‘zbekiston tomonidan Qirg‘izistonning Bishkek shahri, Botken hamda Chuy viloyatlarida ixtisoslashtirilgan maxsus modulli koronavirus shifoxonalari beminnat qurilib, qo‘shni xalqqa foydalanishga topshirilgan. Sardoba suv ombori tizgindan chiqib, hudud aholisi jabr ko‘rganida qirg‘iz xalqi o‘z insonparvar yordamlari bilan birodarlik oqibatini ko‘rsatdi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida amalga oshirilgan davlat rahbarlarining mazkur uchrashuvida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro savdo hajmini yanada oshirish, tovar ayriboshlash nomenklaturasini kengaytirish, sanoat, to‘qimachilik, energetika, kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ana shunday iqtisodiy asoslarga ega o‘zbek-qirg‘iz hamkorligi hozirgi vaqtda salmoqli shartnomaviy-huquqiy omillarga ega bo‘lib, u 180 dan ortiq kelishuv va bitimlardan iborat. Ushbu hujjatlar savdo, iqtisodiyot, ilm-fan, turizm, transport, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi.

Shuningdek, hozirgi imzolangan ko‘plab shartnomalarda hunarmandlik, savdo-sanoat, eksport, farmatsevtika va yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish, turizm va boshqa sohalarni taraqqiy ettirish uchun sarmoyalar yo‘naltirildi.

Quvonarlisi, ikki mamlakat o‘rtasidagi izchil hamkorlik natijasida joriy yil 6 yanvar kuni Bishkekda O‘zbekiston-Qozog‘iston-Qirg‘iziston energetika sohasida «Qambarota GES-1 qurilishi» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolanganini alohida eslab o‘tishimiz joiz.

«Yo‘l xaritasi» doirasida elektr stansiyasini o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olingani o‘ta istiqbollidir.

Markaziy Osiyo mamlakatlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash quvvatiga ega «Qambarota GES-1» Qirg‘izistondagi eng yirik elektr stansiya sifatida ishga tushirilib,  mintaqaning elektr energiyaga bo‘lgan talabini barqaror saqlashga mo‘ljallanayotgani strategik ahamiyatga ega.

Davlatimiz rahbarining mazkur tashrifi, pirovard maqsadlarni ko‘zlangan ikki mamlakat energetika vazirliklari va energetika kompaniyalari hamkorligini yanada chuqurlashtirish, energetika tizimlarining ishlash rejimini o‘zaro izchillik, yaratuvchanlik tamoyillari asosida jadallashtirishni ko‘zda tutayotgani tarixiy voqea.

 

 

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori