Mamlakatimizda atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, sohaga yangi investitsiya loyihalarini tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida ham maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash tizimini tubdan takomillashtirish borasida yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, hududning “Yangi hayot” mahallasida Toshkent shahar chiqindixona poligoni mavjud bo‘lib, bu yerda to‘planayotgan chiqindilar atrof-muhitga hamda atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir. Shuni alohida e’tiborga olib sohaga kiritilayotgan yangi investitsiya loyihasi natijasida ushbu muammo bartaraf etiladi.

Gap shundaki, tumunda Janubiy Koreyaning «SEJIN G&E Co Ltd» kompaniyasi tomonidan maishiy chiqindilar poligonlaridagi chiqindilardan gaz olib, gazni qayta ishlash hisobiga elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishiga start berildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Tabiat resurslari va Energetika vazirliklari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Koreya Respublikasi Ekologiya vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi Koreya delegatsiyasi vakillari, tuman hokimi o‘rinbosari G‘olibjon Eshmirzayev ishtirok etdi.

Tadbirda yangi loyihaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, “Yangi hayot” MFY hududida joylashgan chiqindi poligonining umumiy maydoni 89 gektarni tashkil qilib, ushbu poligonga Toshkent shahridan bir kunda qariyb 2 ming tonnagacha chiqindi tashlanadi. Ushbu chiqindilarning hajmi kattaligi hamda o‘z vaqtida utilizatsiya qilinmasligi tufayli atrof-muhitga katta ziyon yetmoqda.

Prezidentimiz 2019 yil 1-3 iyun kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida mazkur chiqindi poligonida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida topshiriqlar bergan edi. Shundan kelib chiqib, “Chiqindi gazidan elektr energiyasi ishlab chiqish” investitsiya loyihasi doirasida Ohangaron qattiq maishiy chiqindi poligoni hududidan 1 gektar yer maydoni ajratildi. Umumiy qiymati 55 million dollarga teng bo‘lgan ushbu loyihaning yillik elektr ishlab chiqarish quvvati 16 megavattni tashkil etadi.

Loyiha doirasida poligondagi chiqindilarning usti yopilib, ulardan gaz olinadi. Gazni qayta ishlab chiqarish evaziga esa elektr energiyasi olinadi. Loyiha amalga oshirilishi natijasida muqobil elektr energiyasi olishga erishilishi bilan bir qatorda, atmosferaga ko‘p miqdordagi issiqxona gazlarining chiqishi, yer osti qatlamiga zararli moddalarning singishi, shuningdek, turli epidemiologik kasalliklarning kelib chiqishining oldi olinadi. Buning natijasida atmosferaning ifloslanishi va badbo‘y hid chiqishining oldi olinadi, yer qatlami zararlanishining oldi olinadi, chiqindixona ustida bog‘ yaratiladi. Turli epidemiologik kasalliklar kelib chiqishiga yo‘l qo‘yilmaydi va qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Tumanda qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratilib, qo‘shimcha soliq tushumi paydo bo‘ladi.

A.Musayev, O‘zA