Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turnirining 12-tur bahslari bo‘lib o‘tdi.
“Masters” guruhida peshqadamlik qilayotgan Nodirbek ushbu turda amerikalik Uesli So bilan qora donalarda o‘ynadi. Shiddatli va o‘ziga xos kombinatsion usulda o‘tgan bahs davomida amerikalik shaxmatchi garchi oq donalarda o‘ynagan bo‘lsa-da partiyaning so‘ngiga qadar himoyalanish pozitsiyasida harakatlandi. Abdusattorovning 41-yurishidan keyin Uesli Soning taklifi bilan durangga kelishildi.
Xalqaro turnirning 12-turidagi deyarli barcha uchrashuvlarda murosa yo‘li tanlandi. Faqat eronlik Parxam Magsudlu va hindistonlik Arjun Erigaisi “dueli”da 1-0 hisobidan eronlik shaxmatchining qo‘li baland keldi.
Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov 8 ochko bilan yetakchilikni davom ettirmoqda. Ikkinchi o‘rinda borayotgan Anish Giri hisobida 7,5 ochko bor. 3-4-o‘rinlarda joylashgan Magnus Karlsen va Uesli So – 7 ochkodan to‘plagan. 5-7-o‘rinlarni band etgan Levon Aronyan, Fabiano Karuana va Richard Rapport – 6,5 ochko jamg‘arishgan bo‘lsa, 8-o‘rinni egallab turgan Parxam Magsudlu, 9-o‘rinda qayd etilgan Rameshbabu Praggnananda, 10-12-o‘rinlarda harakatlanayotgan Din Lijen, Gukesh va Jorden van Forest hamda 14-o‘rinni ko‘rinish berib turgan Ardjun Erigaisilar yetakchilik da’vosidan voz kechgan holda chiroyli o‘yin ko‘rsatish uchun musobaqada qatnashmoqda.
Shuningdek, “Chellenjer” guruhining 12-turida shaxmatchimiz Javohir Sindorov oq donalarda eronlik Amin Tabatabei bilan kuch sinashdi va durangga erishdi.
“Chellenjer” guruhining 12-tur o‘yinlaridan keyin Germaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Donchenko 9 ochko jamg‘arib, yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinda borayotgan turkiyalik Mustafa Yilmaz 8, hamyurtimiz Sindorov esa 7,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
Bugun, 29 yanvar kuni xalqaro turnirning so‘nggi 13-tur o‘yinlarida Nodirbek Abdusattorov niderlandiyalik Jorden van Forestga, Javohir Sindorov norvegiyalik Tomas Berdsenga qarshi dona suradi.
T. RO‘ZIEV, O‘zA