O‘zA muxbiri Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etgan Pokistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Sayid Ali Asad G‘iloniyning fikrlarini yozib oldi:

– O‘zbekiston Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 26-yig‘ilishiga muvaffaqiyatli mezbonlik qildi, tadbir tashkiliy jihatdan yuqori darajada o‘tdi.

bugungi kunda O‘zbekiston mintaqada o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash bo‘yicha, shubhasiz, yetakchi. Xususan, IHT doirasida, avvalo, Ashxobod sammitida ko‘tarilgan barcha tashabbuslar, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqada markaziy davlatga aylangani Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatni keskin ijobiy tomonga o‘zgartirdi.

Sharqiy – G‘arbiy hamda Shimoliy – Janubiy bog‘liqliq ta’minlanishiga erishilmoqda. Bu borada “Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Xitoy” temir yo‘li muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur yig‘ilish doirasida savdo, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda ilgari surilgan muhim tashabbuslar IHT doirasidagi amaliy hamkorlikka kuchli sur’at bag‘ishlaydi. Umuman, O‘zbekistonning global darajadagi sammitlarga mezbonligi mintaqamiz hamkorligini sezilarli darajada kengaytirmoqda, degan fikrdaman.

Bu galgi uchrashuvda ham mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

2022 yil Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “IHTda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash yili” deb e’lon qilinishi bejiz emas, albatta. Mazkur qaror tashkilot doirasidagi hamkorlikka yangicha sur’at baxsh etdi. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirlari kengashi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot platformasi yaratilganini ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi aloqalarga oid istiqbolli rejalari, menimcha, mintaqa taraqqiyoti sur’atini keskin oshiradi.

O‘ziga xos tarix, madaniyatga ega mintaqamiz ayni payt yanada jipslashib, integratsiyalashmoqda. Men bu borada O‘zbekistonning roli juda muhim, deb hisoblayman. Mamlakatingizga muvaffaqiyatli raislik uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

B.Xudoyberdiyev yozib oldi.

O‘zA