Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mitaning 2022 yildagi faoliyati natijalari hamda 2023 yilda amalga oshirilishi reja qilingan ishlar muhokama qilindi.

Qo‘mita tomonidan hisobot davrida qonunlarni dastlabki tarzda ko‘rib chiqish, huquqni qo‘llash amaliyoti, parlament nazoratini amalga oshirish, davra suhbatlari tashkil etish yo‘nalishlarida jami 55 ta masala, 38 ta masala Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida, 12 ta masala Senat Kengashida va 5 ta masala qo‘mita majlisida ko‘rib chiqildi. Jumladan, qonunchilik faoliyati doirasida 19 ta qonun dastlabki tarzda ko‘rib chiqilib, Senat yalpi majlisi muhokamasiga kiritildi va ma’qullandi.

Qo‘mita tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarida islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishida 6 ta qonun ijrosi holati yuzasidan monitoring o‘tkazildi va qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar tayyorlanib, Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Nazorat-tahlil yo‘nalishida qo‘mita tomonidan tayyorlangan ma’lumotlar asosida qonunlar, Prezident qaror va farmonlari, Davlat byudjeti, investitsiya dasturlari ijrosini ta’minlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush farovonligini oshirish kabi qator masalalar yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlarining 7 ta hisoboti va 14 ta axboroti eshitildi.

Jumladan, Davlat byudjetining ijrosi yuzasidan 4 marotaba moliya vazirining axboroti hamda Markaziy bank boshqaruvi raisining hisoboti dastlabki tarzda eshitilib, Senat yalpi majlisiga tegishli xulosa kiritildi. Davlat byudjeti mablag‘laridan samarali foydalanishning holati yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosari, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash va Qurilish vazirliklarining axborotlari eshitildi.

Mahalliy byudjetlardan “Tashabbusli byudjet” bo‘yicha g‘olib deb topilgan loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi holati o‘rganildi. Hisobot davrida Xalq bilan muloqot hamda murojaatlar bilan ishlash amalga oshirilib, qo‘mita a’zolari doimiy ravishda xalq bilan muloqotda bo‘lgani holda ularning murojaatlarini eshitib, muammolarini hal etish maqsadida saylovchilar bilan 508 ta uchrashuv tashkil etildi. Fuqarolarning 2 ming 563 ta murojaatidan 2 ming 79 tasi yoki 81 foizining ijobiy hal etilishiga erishildi.

Majlis ishtirokchilari tomonidan, shuningdek, qo‘mita faoliyati yo‘nalishlarida hali o‘z yechimini kutayotgan muammolar borligi ham qayd etilib, 2023 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar ham belgilab olindi.

O‘zA