Yaponiyaning ommabop «Nikkei Shimbun» gazetasida «Yaponiya banklari «O‘zbektelekom» AKga moliyaviy ko‘mak beradi» sarlavhali maqola e’lon qildi.

– Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) va «Mitsubishi UFJ» banki «O‘zbektelekom» AKga qariyb 19,3 milliard iyen (150 million AQSH dollari) miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatadi, – deb yozadi gazeta. – Ushbu mablag‘ axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish uchun yapon uskunalari xarid qilishga yo‘naltiriladi. JBIC ikki davlat o‘rtasidagi hukumatlararo aloqani mustahkamlash va moliyalashtirish orqali Yaponiya mahsulotlari eksporti hajmini oshirishga ko‘maklashish niyatida.

Qayd etilishicha, «O‘zbektelekom» data-markaz yaratish va yurtimiz axborot-kommunikatsiya tarmog‘ini rivojlantirmoqchi. Yaponiya kompaniyalari uskuna yetkazib berishdan tashqari texnik yordam ham ko‘rsatadi.

«JBIC» O‘zbekiston tomoniga umumiy moliyaviy resurslarning, qariyb, 60 foizini taqdim etadi. «Mitsubishi UFJ» banki tomonidan moliyalashtirilayotgan mablag‘ning bir qismi xavfni kamaytirish uchun «NEXI» davlat eksport-kredit agentligi tomonidan sug‘urta qilinadi», deb yozgan «Nikkei Shimbun».

O‘zA