O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar, joriy yilning birinchi yarim yilligiga belgilangan rejalarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda hayotimizning barcha jabhalarida ulkan o‘zgarishlar yuz berayotgani, davlatimiz rahbari o‘z Murojaatnomasida oltita yo‘nalish bo‘yicha dolzarb vazifalarni belgilab bergani haqida so‘z bordi.

bugungi globallashuv davrida ommaviy axborot vositalari vakillari oldiga ham mas’uliyatli vazifalar qo‘yilmoqda. Aholining axborotga bo‘lgan talabi ortib borayotgan bir davrda jurnalistlardan zamon bilan hamnafas faoliyat olib borib, har qanday yangilikni keng jamoatchilikka tezkor va shaffof yetkazishni taqazo qilmoqda. Ammo ayrim ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, bosma nashrlari bugun qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Obunachilarning soni oldingi yillarga nisbatan ancha kamayib ketdi. Bunday qiyinchiliklardan qanday qilib chiqish mumkin. Tadbir ishtirokchilari bu borada o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. OAV jamiyat ko‘zgusi, davlat va xalq o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini o‘tashi lozimligi ta’kidlandi.

Tadbirda joriy yil birinchi yarim yilligi uchun ish-reja tasdiqlanib, O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi raisining o‘rinbosari saylandi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA