IT sanoati rivoji mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Har qanday sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun, eng avvalo, yuqori sifatli ta’lim bazasini yaratish muhim.

Mamlakatimizda IT-ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bugun Inha universitetida bo‘lib o‘tgan “IT-ta’limni maqsadli moliyalashtirish” mavzusidagi konferensiyada shular haqida so‘z bordi.

Tadbirda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT sohasidagi talabgor kasblarni egallash istashidagi yoshlarga moliyaviy ko‘mak dasturlari haqida ma’lumot berdi. Xususan, to‘lov-kontrakt uchun qulay shart-sharoit yaratish, sifatli va arzon ta’limni rivojlantirishda ta’lim muassasalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Qayd etish kerak, bugungi kunda yoshlarni IT ta’limi sohasiga keng jalb qilish, ularning ilm olishi uchun munosib sharoit yaratish, maktab bitiruvchilarining ushbu sohaga oid kasblarga qiziqishini oshirish muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, xalqaro IT-sertifikat olishda yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning chet tillarni o‘rganishi orqali BPO xizmat sohasiga keng jalb qilish bo‘yicha hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talay. Anjumanda vazir bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berib, o‘z takliflarini ham aytdi.

Hozirgi kunda “IT Bilim” tashkiloti faoliyatni rivojlantirish va IT-mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish uchun maqsadli kreditlar ajratadi. Anjuman doirasida “IT Bilim” moliyalashtirish tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan “bilgi.uz” platformasi taqdimoti ham o‘tkazildi.

Loyiha ishtirokchilarini yagona elektron makonda birlashtirish maqsadida yaratilgan bilgi.uz platformasi bilim olishni xohlovchi, jumladan, moliyaviy ko‘makka muhtoj yoshlar, ta’lim muassasalari, talabgorlar va moliyalashtiruvchi tashkilotni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumotlarga qaraganda, IT Park rezidentlari soni 1000 dan oshgan. Buxoro viloyati Olot tumanida faoliyat yuritayotgan “EXCELLENCE SOLUTION” MCHJ kompaniyasi 1000-rezident sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Ushbu kompaniya dasturiy ta’minot mahsulotlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Ahamiyatli jihati, bu kompaniya Italiya va Germaniyaga eksport xizmati ko‘rsatishni rejalashtirgan.

G.Sattorova, O‘zA