Qishloqda yashovchi odamlarning aksariyati sovuqda uylarini asosan ko‘mir yoqib isitishadi. Bu yilgi qish ko‘mirga bo‘lgan talabni ikki karra oshirdi.

Xo‘sh, xalq orasida «qora oltin» nomi bilan ataluvchi ko‘mir zaxirasi yurtimizda qancha? Qaysi ko‘mirning sog‘likka zarari kamroq? Ko‘mir konlarida ishchilarga qanday moddiy va ma’naviy imkoniyatlar yaratilgan?

O‘zA muxbiri shu kabi savollarga «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi Ne’mat Dushayevdan javob oldi.

– Ko‘mirga oldingi yillarga nisbatan talab qanday bo‘ldi? Qancha qazib olindi?

– Ko‘mir qazib olish va yetkazib berish hajmlari iste’molchilarning ko‘payishi hisobiga yildan-yilga oshib boryapti. O‘tgan yili «O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatida reja bo‘yicha qazib olish 4 million 800 ming tonna belgilangan bo‘lsa, amalda 5 million 75 ming tonnadan oshirildi. Reja muddatidan bajarildi.

– Ko‘mir oddiy qilib tushuntirganda qanday yoqilg‘i? U qanday qazib olinadi?

– Ko‘mir yonuvchi organik tog‘ jinsidir. Bu ikki xil bo‘ladi: tosh ko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir. Ushbu qattiq yoqilg‘i energiya resurslaridan biri bo‘lib, yer osti qazilma boyligi hisoblanadi.  Respublikamizda ko‘mir Toshkent viloyatining Angren (1,8 mlrd.dan ortiq zaxirasi bor) hamda Surxondaryo viloyatidagi Sharg‘un konlaridan qazib olinadi. U yerda asosan toshko‘mir qazib olinadi. Ma’lumotlarga qaraganda, konda 35 million tonna zaxira bor. Angrenda, ya’ni Ohangaron vodiysining Chotqol va Qurama tog‘ tizmalari orasidagi konda asosan qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olinadi. Uning kaloriyasi toshko‘mirga qaraganda kamroq bo‘lsa-da, issiqlik beruvchi hisoblanadi.

Angren ko‘mir havzasida «O‘zbekko‘mir» AJning 3 ta koni ishlaydi. Ular orasida shaxta usulida ko‘mir qazib olish kon ham bor.

– Angren ko‘mir havzasining zaxirasi necha yilga yetadi?

– Chotqol qurama tog‘laridagi qirlarni suv yuvishi, ko‘chkilar oqibatida yer ostidagi ko‘mir ochilib qolib, tabiiy ravishda yongan. Mahalliy aholi uni qo‘lbola usulda qazib olib, azaldan (1880 yillardan dalillar bor) beri ishlatib kelgan. O‘tgan asrning qirqinchi yillarida Angren ko‘mir havzasida ilk shaxtalar qurib ishga tushirilgan. 1948 yilda ochiq usulda ko‘mir qazib oladigan «Angren» koni ishga tushirilgan. Bu yil «O‘zbekko‘mir» AJning 75 yilligi nishonlanadi.

Mustaqillikdan keyin asosiy e’tibor ko‘mirni qazib olib, iste’molchilarga yetkazib berishga qaratildi. Texnikaning rekonstruksiya qilish ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli ko‘mir qazib olish 3 million tonnaga tushib qolgandi. Respublikamiz aholisining ko‘mirga ehtiyoji esa 6 million tonna.

Issiqlik elektr stansiyalariga 3 yarim million tonna, byudjet tashkilotlariga 500 ming tonnadan ortiq, aholiga 882 ming tonna yetkazib berildi.

Yaqinda prezidentimiz ko‘mir sanoatini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar bilan tanishdi, sohaga ko‘mirni 8 million tonnaga yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

Angren ko‘mir havzasidagi ko‘mir 1 milliard 700 ming tonnadan ortiq. 200 yilga bemalol yetadi. Tabiat bizga bergan bu ne’matni yer ostidan qazib olish masalasi qolgan, xolos.

– Yer ostida turgan ko‘mirni qazib olish uchun texnikalar yetarlimi?

– Ko‘mir ustki qatlamini ochish va yoqilg‘i qazib olishda 3 xil ‒ avtomobil transporti, temir yo‘l transporti va konveyer transportidan foydalanamiz. 130 tonnagacha yuk ko‘tara oladigan ulkan BelAZ samosvallarimiz ishlab turibdi. Ekskavator parkidagi ayrim texnikalar sobiq ittifoq davridan qolgan, ancha eskirgan. Texnologiyalarni yangilash uchun investitsiya kiritish kerak, buning uchun katta mablag‘ zarur.

– Korxonaning bugungi kunda moliyaviy ahvoli qanday?

– Keyingi yillarda ko‘mir koni og‘ir moliyaviy inqirozlarni boshidan kechirdi. Mablag‘ tanqisligi, investitsion loyihalar puxta ishlanmasdan, sinovdan o‘tmagan jihozlarni olib, ularni ishlatolmay ancha qiynaldik. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «O‘zbekko‘mir» AJ ishonchli boshqaruvga berildi. 2019 yildan korporativ boshqaruvning yangi modeli, ya’ni ishonchli boshqaruv yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunda korxona zararga ishlashi to‘xtatildi.

– Sizlarda qazib olinadigan 1 kilogramm ko‘mirning narxi qancha?

– Energetika sohasida islohotlar qilish davri keldi. Ammo ko‘mirning narxi ko‘tarilsa, elektr energiya narxi oshib ketadi va bu har bir sohaga ta’sir qiladi, degan qarash bilan to‘rt yildan beri narx o‘zgarishsiz qolyapti.

1 kilogramm ko‘mirning aholiga sotilish narxi 300 so‘m 3 tiyin. Bir tonnasi 300 300 so‘m bo‘ladi.

— Odamlar ko‘proq qanday ko‘mirdan foydalanishadi? Ya’ni qaysi ko‘mirning zarari kamroq?

— O‘zbekistonda ikki xil ko‘mir yoqiladi. Ularning sifati tashqi ko‘rinishiga qarab emas, balki yonuvchanligi, kulchangligi, namligi va boshqa omillar bo‘yicha belgilanadi. bugungi kunda aholi uchun 2BR, 2BZR markali fraksiyasi 0-500 mm, namligi 35-40%, kulchangligi 17 foizlik ko‘mir mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Ko‘mirning sifati laboratoriya sharoitida maxsus uskunalar orqali aniqlanadi.

Har qanday ko‘mir yoqilganidan keyin is gazi chiqadi. Biz ishlab chiqaradigan ko‘mirning sifat guvohnomasi bor. Agar ko‘mir yoqiladigan xonaning dudbo‘ronlaridan noto‘g‘ri foydalanilmasa, xonaning havo aylanish tizimi buzilmasa, ya’ni belgilangan talablarga rioya qilib yoqilsa, bexavotir bo‘ladi.

– Ko‘mir sifatini yo‘qotmasligi uchun uy sharoitida qanday saqlash kerak?

– Angren ko‘mir koniga tegishli qo‘ng‘ir ko‘mir qattiqlik darajasi bo‘yicha 4-shkalada bo‘lib, nisbatan yumshoqlik xossasiga ega. Shu bois sotib olingan ko‘mirning o‘z inkubatsiya davri va saqlash talablari mavjud. Taxminan 20 kundan keyin har qanday ko‘mir ham ochiq havoda qolsa, kun sayin o‘z xususiyatlarini yo‘qota boshlaydi.

Qattiq yoqilg‘ining sifati buzilmasligi uchun uni maxsus omborlarda, ustini yopib saqlash tavsiya etiladi. Ochiq havoda qolgan ko‘mir qurib, uvalanib ketishi tabiiy.

– Aholiga ko‘mir tarqatish tartibi haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz…

– Har yili tabiiy gaz yetib bormagan aholi punktlarida MFYlar tomonidan ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj aniqlanadi va tegishli ro‘yxat shakllantirilib, tuman (shahar) hokimliklariga taqdim etiladi.

Mahalliy hokimliklar ushbu ro‘yxatlar asosida hududiy ko‘mir omborlariga buyurtma beradi va ko‘mir tarqatish jadvalini tasdiqlaydi. Aholi ushbu jadvalga asosan o‘ziga yaqin hududiy ko‘mir omboriga murojaat qiladi.

«O‘zbekko‘mir» AJ ko‘mirni «Ko‘mir ta’minot» MCHJning ko‘mir omborlari manziliga yuklab jo‘natishni ta’minlaydi hamda uning sifati va hajmi uchun javob beradi.

«Ko‘mir ta’minot» MCHJ esa o‘z omboriga kelib tushgan ko‘mir sifatli saqlanishi hamda iste’molchilarga sotilishini ta’minlaydi.

— Ishchilarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish qay darajada?

— «O‘zbekko‘mir» AJning 11 ta filiali bor. Umumiy hisobda 6 mingga yaqin odam ishlaydi. Ilgari moliyaviy taqchillik hisobiga korxona bilan kasaba uyushma o‘rtasidagi jamoa shartnomasining juda ko‘p bandlari bekor qilingan edi. Ishonchli boshqaruvga o‘tkazilganidan so‘ng ishchilar manfaatini himoya qilish borasidagi bir qancha imtiyozlar tiklandi.

Masalan, ko‘p yillik mehnat uchun qo‘shimcha to‘lovlar, bolalarni dam olish oromgohlariga yuborish, ishchilarni mukofotlash kabi rag‘batlar ancha yaxshilandi. Maosh oshirilmagan bo‘lsa-da, shunday imkoniyatlar hisobidan ishchilar manfaatdorligi ta’minlanyapti. 2022 yilda mingdan ortiq konchilar hamda kam ta’minlangan oilalarning farzandlari yozgi ta’tilda dam olish oromgohlariga yuborildi.

Agar ichki islohot amalga oshirilib, tannarx foydaga ishlasa, xodimlarni mukofotlash, maoshlarni ko‘tarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA