Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida xorijiy davlatlarning yetakchi texnika universitetlari bilan birgalikda 2022 yilda Samarqand texnologiya universitetini tashkil etish belgilangan edi.

Shu asosida o‘tgan yil yangi avlod muhandis-texnologlarini tarbiyalash maqsadida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Universitetni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga muvaffaqiyatli integratsiya qilish uchun o‘zida ilg‘or muhandislik bilimlari mavjud bo‘lgan, ijodiy fikrlash qobilyatiga ega, innovatsion texnologiyalarni yaratish va joriy etish ko‘nikmalarini egallagan yuqori malakali yangi mutaxassislar tayyorlashdan iborat, – deydi Samarqand xalqaro texnologiya universiteti rektori Yusuf Abdullayev. – Ushbu murakkab vazifani bajarish uchun asosiy shart – bu yangi texnik ta’lim, xorijiy standartlar asosida muhandis kadrlarni tayyorlashning amaldagi tizimini tubdan isloh qilish, o‘zgartirishdir. Shundan kelib chiqib, biz dunyodagi eng nufuzli texnika oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik va ularning pedagogik tajribasi asosida tayyorlangan o‘quv rejalari, ta’lim dasturlari va metodikalarni universitetimiz ta’lim jarayoniga tatbiq etyapmiz. Shuningdek, AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Kanada, Hindiston, Janubiy Koreya va Janubiy Afrikadagi yetakchi ta’lim va ilmiy-texnika markazlarining tajribali professor-o‘qituvchilari va mutaxassislarini ishga taklif qilganmiz. Universitet ta’lim jarayonida sifat oliy o‘rinda turadi va buning uchun o‘quv reja va dasturlarining qariyib 99 foizi jahon standartlari asosida xorijiy texnika universitetlari bilan hamkorlikda yaratilgan, darslar to‘liq ingliz tilida olib boriladi.

2022 yilning sentyabr oyidan universitet tarkibida G‘arb hamda Sharq tillarini o‘rgatishga ixtisoslashgan tillar markazi, abituriyentlar uchun tayyorlov maktabi, informatika va robototexnika sohalari, sun’iy intellekt va ma’lumotlar sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi axborot texnologiyalari markazi hamda bosh g‘oyasi yetakchilik, tadbirkorlik, innovatsiyaga yo‘naltirilgan Samarqand-Kaliforniya markazi faoliyat boshladi.

Bu markazlarga xorijdan taklif etilgan professor-o‘qituvchilar rahbarlik qilmoqda. Universitet tarkibida o‘zbek tili, adabiyoti va madaniyatini, urf-odatlarini targ‘ib etish, o‘zbek tilidagi matnlarni bemalol tushunish ko‘nikmasini shakllantirish, xorijliklarga o‘zbek tili madaniyatini o‘rgatish uchun o‘zbek tili va madaniyati markazi tashkil etildi. Ushbu markazda uch kreditli modul asosida talabalarga bir yil davomida ta’lim beriladi. Universitet rahbariyatining 2022 yil oktyabr oyidagi Janubiy Koreyaga qisqa muddatli tashrifi davomida Xankuk xorijiy tillar universiteti va Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, o‘zaro hamkorlik bo‘yicha memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, universitet qoshida “yashil” texnologiyalar, sanoat dizayni, raqamli iqtisodiyot hamda koreys tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida Koreya texnologiya va madaniyat kolleji ochildi. Xitoy energetika kompaniyalari va Xitoy elektr energiyasi loyihalash instituti, shuningdek shu soha bo‘yicha Xitoyning boshqa yetakchi universitetlari hamkorligida joriy yilda universitetda energetika muhandisligi fakulteti tashkil etiladi. Yaqinda universitetning tadbirkorlik va menejment, axborot texnologiyalari ta’lim yo‘nalishlarida bahorgi semestr uchun talabalar qabuli muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Kirish imtihonlarini shaffof va adolatli tashkil etish orqali talabaning qobiliyati, bilim darajasini aniqlash muhim ahamiyatga ega. Talabalikka talabgorlar maktab o‘quv dasturi asosida matematika va ingliz tili fanlaridan yozma va og‘zaki imtihon topshirdi. Imtihonlar xorijlik professor-o‘qituvchilar tayyorlagan dasturlarga moslashtirilib, ular tomonidan olindi va abituriyentlar ichidan eng munosib 35 nafari tanlandi.

Sanoat energetika guruhi (SEG), Enter Engeneering, ERRIEL guruhi, ushbu ta’lim maskani muassislari hisoblanadi. Quvonarlisi, universitet homiylar kengashi raisi, “Eriell Group” boshqaruvi raisi Baxtiyor Fozilov mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda kirish imtihonlarida eng yuqori natijaga erishgan Xurshid Sobirov va ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lgan Hilola Ergasheva hamda tadbirkorlik va menejment yo‘nalishida birinchi o‘rinni egallab o‘qishga qabul qilingan, otasiz voyaga yetgan Sardor Po‘latovlarga kompaniya tomonidan grant ajratdi.

– Jomboy tumanida tug‘ilganman, yoshligimda bobom va buvimning qaramog‘ida otasiz voyaga yetdim. Afsuski, yaqinda turmush o‘rtog‘im ham olamdan o‘tdi va endi qizimni o‘zim tarbiyalashga majburman, – deydi Hilola Ergasheva. – Farrosh bo‘lib ishlayapman. Lekin oliy ma’lumot olish niyatida Samarqand xalqaro texnologiya universiteti tayyorlov maktabida to‘rt oy mobaynida matematika va ingliz tilidan bilimlarimni oshirib, ushbu oliy o‘quv yurtiga o‘qishga qabul qilindim. Universitet homiylar kengashi raisi tomonidan menga ajratilgan grant hayot qiyinchiliklariga duch kelgan o‘zim va ayniqsa norasida qizim uchun Yaratgandan in’om etilgan katta tuhfa bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Buning uchun minnatdorligimni bildirish barobarida kelajakda egallagan bilim va tajribalarim asosida yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga va’da beraman.


G‘.HASANOV, O‘zA