Osiyo olimpiya kengashi bosh direktori, Xalqaro suzish federatsiyasi prezidenti Husayn Al-Musallam, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti, Osiyo olimpiya kengashining Osiyo o‘yinlari departamenti bosh direktori Haydar Farmon “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun barpo etiladigan sport majmuasi loyihasi bilan tanishdi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, qo‘mita raisi o‘rinbosari Azizjon Komilov, Qurilish vazirining o‘rinbosari Shukrullobek Jahongirov, Xitoyning “Camce” kompaniyasi muhandislari ishtirok etgan tanishuv jarayonida Olimpiya shaharchasi haqida mehmonlarga ma’lumot berildi.

Uchrashuvda OOK mutasaddilari barpo etiladigan arenalardagi akustika tizimidan tortib, translyatsiya masalalari, tomoshabinlar va faxriy mehmonlar uchun ajratiladigan sektorlarni shakllantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Muhokamalar davomida xalqaro ekspertlar har 3 oyda qurilish jarayoni bilan tanishib borishlari, loyiha ishlari yakunlanganidan so‘ng 2025 yilning mart oylarida Olimpiya shaharchasida sinov musobaqalarini o‘tkazish xususida so‘z yuritildi.

 

O‘zA