Tennischilarimiz Nigina Abduraimova Hindistondagi, Humoyun Sultonov esa Quvaytdagi nufuzli musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda, deya xabar bermoqda O‘zbekiston tennis federatsiyasi matbuot xizmati.

Mukofot jamg‘armasi 40 ming AQSH dollaridan iborat Puna shahrida o‘tayotgan “W40 Pune” turnirida Nigina Abduraimova bugun 26 yanvar kuni o‘tgan yarim final uchun kechgan bahsda yaponiyalik Yeri Shimizuni 6/2, 6/1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.

Aytish lozim, Abduraimova 1/16 finalda latviyalik Diana Marsinkevichni 6/2, 6/0 hisobida, 1/8 finalda rossiyalik Darya Kudashovani 6/2, 6/1 ko‘rinishida dog‘da qoldirgan edi.

Mukofot jamg‘armasi 25 ming AQSH dollarini tashkil etgan Quvayt turnirida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Humoyun Sultonov turnirning 1/16 finalida musobaqaning birinchi raketkasi, belgiyalik Filip Jianuni 6/2, 6/1, 1/8 finalda niderlandiyalik Nils Viskerni 6/2, 7/6(5) hisoblarida dog‘da qoldirdi.

Turnirning 1/4 finalida Humoyun niderlandiyalik yana bir tennischi Sidan Pontyodikromo bilan kuch sinashadi.

Hindiston va Quvaytda davom etayotgan xalqaro turnirlar hafta so‘ngida yakunlanadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA