Prezident raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida oilaviy tadbirkorlikni yanada rag‘batlantirish maqsadida moliyaviy ko‘mak ko‘lami kengaytirilishi ta’kidlandi.

Jumladan, 2023 yilda:

– tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million so‘mdan 300 million so‘mgacha oshiriladi;

– dehqon xo‘jaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million so‘mgacha oshiriladi (amalda 33 million so‘m);

– avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija ko‘rsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin bo‘ladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);

– yangi kreditlar olgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilganlar uchun berilgan imtiyozlardan foydalanadi;

– kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.

2023 yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trillion so‘m beriladi (2022 yilda – qariyb 10 trillion so‘m). Prezident yaqinda imzolagan qarorga ko‘ra, oilaviy tadbirkorlikka qo‘shimcha 300 million dollar ajratiladi.


O‘zA