Joriy yilning 24 yanvar kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining tashrifi doirasida Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Baxit Toroboyev hamda iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashdi.

Muloqotda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari tomonlar diqqat markazida bo‘ldi. Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Baxit Toroboyev bilan suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasiga bo‘lajak davlat tashrifining ahamiyati ta’kidlandi.

Tashrif ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va kengaytirishga kuchli turtki berishi kutilmoqda. Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish ishlari ko‘rib chiqilgani aytilmoqda.

Tomonlar forum davomida imzolanishi rejalashtirilgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari ro‘yxatini sinxronlashtirdilar. Kimyo va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, elektrotexnika, shuningdek, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, logistika va turizm kabi sohalar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib borayotgani ta’kidlandi. So‘nggi 6 yil ichida ikki tomonlama savdo 8 barobar oshib, 2022 yilda 1,3 milliard dollarga yetdi. Yaqin kelajakda ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qator aniq amaliy choralar ko‘rishga tayyorlik bildirildi.

Qirg‘iziston Respublikasi iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev bilan uchrashuvda tijorat avtomobillari va yengil avtomobillar ishlab chiqarishni tashkil etish, yigiruv va to‘qimachilik korxonalarini qurish va kengaytirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Tadbirkorlarga tegishli shartnoma va bitimlar tuzishda ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasida, ya’ni ikki davlat hududlarida intensiv bog‘lar va yuqori texnologiyali issiqxonalar barpo etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishga kelishib oldilar. Shu maqsadda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish joylari, shuningdek, ikki davlat xususiy korxonalari orqali tashabbuskorlar bir hafta muddatda belgilanadi. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi loyihasini tayyorlash masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Loyihaning har bir bosqichini amalga oshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan “Yo‘l xaritasi”ni imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Qambarota GES-1 qurilishi loyihasini hayotga tatbiq etishni nazarda tutgan holda energetika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Tegishli hujjatlarni qabul qilishni tezlashtirish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida kelgusidagi hamkorlik formatini kelishib oldilar.