Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turnirining “Masters” guruhidagi 9-tur o‘yinlari yakunlandi.
Ushbu turda musobaqada yetakchilik qilayotgan iste’dodli shaxmatchimiz Nodirbek Abdusattorov germaniyalik Vinsent Keymerga qarshi qora donalarda harakat qildi. Ushbu to‘qnashuv 9-turning eng uzoq davom etgan bellashuvi bo‘ldi.
Professional shaxmat musobaqalarida har ikki shaxmatchi olti marta kuch sinashgan. Uchrashuvlarning bittasida Nodirbek g‘alaba qozongan. 5 marta durang natija qayd etilgan. Bu galgi bahsning 25-yurishiga kelib, 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni N.Abdusattorov bitta piyoda ustunligiga erishdi. Ammo, 33-yurishda germaniyalik shaxmatchi o‘rtadagi farqni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
O‘yinning 70-yurish holatida Nodirbek bitta piyodani oldirib qo‘ydi va nihoyat so‘nggi yurishlarda kuchlarni tenglashtirishga erishdi. Bu esa har ikki shaxmatchini murosa yo‘lini tanlashiga olib keldi. 1/2:1/2. Mazkur natija Nodirbek Abdusattorovning umumiy hisobda 6,5 ochkoga ega bo‘lgan holda yetakchilikni saqlab qolishini ta’minladi.
Qolgan uchrashuvlarda Parxam Magsudlu – Uesli So-½:½, Magnus Karlsen – Dommarayu Gukesh-½:½, Rameshbabu Praggnananda – Fabiano Karuana-½:½, Erigaisi Ardjun – Richard Rapport -0:1, Levon Aronyan – Jorden Van Forest- ½:½, Din Lijen – Anish Giri-0:1 natijalari qayd etildi.
O‘tkazilgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, hamyurtimiz Abdusattorovdan keyingi o‘rinni 6 ochko bilan Anish Giri band etdi. Undan keyingi o‘rinlardan 5,5 ochko bilan Uesli So, 5 ochkoga ega Magnus Karlsen, Levon Aronyan, Rameshbabu Praggnananda va Fabiano Karuana joy oldi.
“Chellenjer” guruhining 9-tur uchrashuvida J.Sindorov oq donalarda amerikalik Mishra Abximanyu bilan kuch sinashdi. Shiddatli o‘tgan o‘yinda Javohir raqibini mag‘lub etdi va ochkolari sonini 6 taga yetkazib oldi.
Bugun, 25 yanvar kuni xalqaro turnirning “Masters” guruhida o‘tadigan 10-tur o‘yinida Nodirbek Abdusattorov Xalqaro shaxmat federatsiyasi reytingida 2-o‘rindan joy olgan xitoylik Din Lijen bilan to‘qnash keladi. Javohir Sindorov esa niderlandiyalik Ervin L’Ami bilan kuch sinashadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA