Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tibbiyot tizimi rahbarlarining jamoatchilik oldida hisobot berish tizimini joriy etishga qaratilgan o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi.

Unda sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Ulug‘bek Sobirov ma’ruza qilib, loyihaning mazmuni haqida ma’lumot berdi.

Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini tubdan oshirish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘lamini kengaytirish, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholi salomatligini tizimli ravishda muhofaza qilish ishlari yangi bosqichga olib chiqildi. Olis hududlarda tibbiy yordamni maqsadli yo‘naltirish tizimini yuqori darajada tashkil etish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish, ambulator yordamni yanada yaxshilash, shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish dasturlari qabul qilinishi sohaning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi.

Ammo hozirgi davr sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi va natijadorligini ta’minlash, bu boradagi ishlarni aholi va keng jamoatchilikka yetkazishning shaffof mexanizmini yaratish yuzasidan tibbiyot tizimi rahbarlarining jamoatchilik oldida muntazam hisobotlarini eshitish va muhokama qilib borish tartibini joriy etishni taqozo etmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi va “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunlarga mazkur hisobotlarni eshitish tartib-taomillari bilan bog‘liq o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA