Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Unda cuv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev ma’ruza qilib, loyihaning mazmuni va ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berdi:

— Respublikamizda jami 73 ta suv ombori va sel suv ombori, 1688 ta nasos stansiyasi, 49 ta gidroelektrostansiya xo‘jaliklari mavjud. Ularning aksariyat qismidan 40 yildan ortiq muddat davomida foydalanilmoqda. Bu esa ularni o‘z vaqtida ta’mirlash-tiklash va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlarini amalga oshirish, texnik soz holatda saqlash hamda ularning xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashni talab qilmoqda.

Amaldagi “Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun 1999 yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga to‘la javob bermaydi. Shu maqsadda ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi qonun loyihasi yurtimizdagi mavjud suv xo‘jaligi ob’ektlarini texnik soz holatda saqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash va ulardan ishonchli foydalanishga xizmat qiladi. 7 bob, 35 moddadan iborat mazkur qonun loyihasi suv xo‘jaligini rivojlantirish, sohaga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari samaradorligini ta’minlash, ayniqsa, so‘nggi yillarda suv xo‘jaligida amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar, suv xo‘jaligi ob’ektlarini qurish, ulardan foydalanishning huquqiy asosini mustahkamlaydi.

Loyihada gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aniq belgilanmoqda. Shu bilan birga, yetkazilgan zarar uchun fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash sohasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish masalalari o‘z aksini topgan.

Gidrotexnika inshootlari zarur nazorat-kuzatuv asbob-uskunalari, shuningdek, favqulodda vaziyatlar haqida aholiga zudlik bilan xabar berish tizimi bilan jihozlanadi. Inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash-tiklash, konservatsiya qilish va tugatish ishlarida xavfsizlik bo‘yicha nazorat kuchaytiriladi, — dedi vazir.

Majlisda deputatlar qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, qator savol va takliflarini berdi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA