Bugun, 24 yanvar kuni Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turnirining 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. “Master” guruhida 6 ochko jamg‘argan Nodirbek Abdusattorov bugungi bahsda germaniyalik Vinsent Keymer bilan ro‘baro‘ keladi.
E’tiborli jihati, Nodirbek faoliyati mobaynida Vinsent Keymer bilan olti marta kuch sinashgan. Bir marta g‘alabaga erishgan bo‘lsa, 5 marta durang holati qayd etilgan. Umumiy hisob-kitoblar 3.5-2.5. Bu galgi uchrashuv ular faoliyatidagi yettinchi “duel”dir.
Bugungacha o‘tgan o‘yinlar sarhisobiga ko‘ra, Abdusattorov 6 ochko bilan “Tata Steel Chess” turnirida yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda borayotgan Anish Giri va Uesli So 5 ochkoga, Levon Aronyan, Rameshbabu Praggnananda, Fabiano Karuana va Magnus Karlsen 4.5, Din Lijen 4, Richard Rapport va Parxam Magsudlu 3.5, Ardjun Erigaisi va Richard Van Forest 3, Vinsent Keymer va Gukesh hisobida 2.5 ochko mavjud.
Bugun, shuningdek, hamyurtimizning eng yaqin ta’qibchilari Uesli So qora donalarda Parxam Magsudlu bilan, Anish Giri ham qora donalarda Din Lijen bilan kuch sinashadi.
“Chellenjer” guruhida germaniyalik Aleksandr Donchenko 6 ochko jamg‘argan holda yetakchilik qilmoqda. Ushbu guruhning 9-turida 5 ochko jamg‘argan holda 4-o‘rinda borayotgan J.Sindorov bugun oq donalarda amerikalik Mishra Abximanyuga qarshi dona suradi. Guruh yetakchisi Aleksandr Donchenko niderlandiyalik Ervin L’Amiga qarshi bahs yuritsa, turkiyalik Mustafa Yilmaz hindistonlik shaxmatchi qiz Rameshbabu Vayshali bilan kuch sinashadi.
Xalqaro turnirning har ikki guruhidagi umumiy turlar soni 13 tadan iborat bo‘lib, 29 yanvarga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA