Amerika Qo‘shma Shtatlarining Leyk-Plesid shahrida talaba sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan qishki Universiada o‘yinlari yakunlandi.
Joriy yil 12 yanvaridan boshlangan Universiada o‘yinlarida 50 ga yaqin mamlakatning 1 ming 400 nafardan ziyod sportchilari o‘z sport yo‘nalishlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Universiada yakuniga ko‘ra, Yaponiya jamoasi 21 ta oltin, 17 ta kumush va 10 ta bronza medallarini jamg‘argan holda birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin 12 ta oltin, 8 ta kumush va 9 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan Janubiy Koreya vakillariga nasib etdi. Ulardan keyingi o‘rinlar Kanada, Polsha, Fransiya talaba-sportchilariga tegishli bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘yinlarda mamlakatimizning 13 nafar talaba-sportchilari 3 ta sport turida qatnashdi, ammo natija ko‘rsatishmadi.
Talaba-sportchilarning kelgusi qishki Universiada o‘yinlari 2025 yil 13-23 yanvar kunlari Italiyaning Turin shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA