Har bir oziq-ovqat mahsuloti texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga asosan saqlanishining muayyan talablari belgilangan.

Ya’ni, har bir mahsulot qoida va normalarda belgilangan ma’lum harorat va havoning nisbiy namligida saqlanishi lozim.

So‘nggi kunlarda keskin sovuq tushishi natijasida bozordagi ayrim sabzavot va mevalar muzlab qolgan.

Bu mahsulotlar o‘zining organoleptik xususiyatlari – mazasi, ta’mini yo‘qotadi va iste’molga yaroqsiz hisoblanadi. Shuningdek, ushbu mahsulotlarning ozuqaviy qiymati ham pasayadi.

Mutaxassislarning fikricha, ular zaharlanishlarga olib kelmaydi, lekin barcha foydali xususiyatlarini yo‘qotadi. Ularning muzdan tushgandan keyin saqlash muddatlari keskin kamayib ketadi.

Shuning uchun ham, umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘yiladigan sanitariya-gigiyena talablarida ham korxonalarda muzdan eritilgan va qayta muzlatilgan oziq-ovqat mahsulotlari, oziq-ovqat xom ashyosi va mahsulotlarini qabul qilishga ruxsat etilmagan.

bugungi kunda Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda dehqon bozorlarida aholi uchun qulay sharoit yaratilgani, bozorlarning sanitariya-gigiyena holati, belgilangan talablarga javob berishi bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilmoqda.

O‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar berilib, tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda.

 

M.Qosimova,  

O‘zA