“Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazayapman”, – dedi davlatimiz rahbari.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani ta’kidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani natijasida ruxsatsiz qurilgan ob’ektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi uchun, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Shu bois, vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi.

Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlari ham lavozimidan ozod etilib, hokim vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tushirildi. DXX va Bosh prokuraturaga ularning faoliyatini o‘rganish topshirildi.

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati raisi F.Abduraxmonov lavozimidan ozod etildi.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari B.Raxmonov Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi.