Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unga soha vakillari, harbiylar, kursantlar, ijodkor ziyolilar, jamoatchilik vakillari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini mudofaa vaziri, general-leytenant  Bahodir Qurbonov o‘qib eshittirdi.

Darhaqiqat, inson qadriga ustuvor e’tibor qaratilayotgan keyingi yillarda harbiy sohani isloh etish, mazkur yo‘nalishdagi milliy qonunchilikni davr talabiga mos tarzda takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oya harbiy sohadagi milliy qonunchiligimizga ham tobora singib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining shu yil 12 yanvarda “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni sohaga ko‘rsatilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir.

Harbiylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Soha xodimlarini zamonaviy turar joylar bilan ta’minlash, salomatligini mustahkamlash, zarur ijtimoiy kafolatlarni yaratish, oliy ta’lim va ta’limning  keyingi bosqichi bilan qamrash, kasbiy, jismoniy salohiyatini yuksaltirish borasida ko‘plab amaliy tashabbuslar hayotga tatbiq etilmoqda. Barcha bo‘g‘indagi harbiy o‘quv dargohlari, harbiy qismlar, gospitallar, shifoxonalar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning davr talabiga hamqadam bo‘lishi yo‘lida zarur barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Yurtimizda tashkil etilgan “Temurbeklar maktabi” o‘g‘lonlarimiz milliy va umujahon qadriyatlari ruhida kamol topishi, ular qalbiga chin vatanparvarlik, el-yurtiga sodiqlik tuyg‘ularini singdirish, soha uchun salohiyatli kadrlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda mamlakatimiz harbiy tizimini shiddatli davrning talabiga mos tarzda takomillashtirish davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lmoqda.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga  Murojaatnomasida Vatanimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash,  tinch va osoyishta hayotimizni asrab, mustaqilligimizni mustahkamlab, barqaror taraqqiyot yo‘limizni jadal davom ettirish masalasi hamisha ustuvor ekani ta’kidlangan.

Mamlakatimiz milliy xavfsizligini ta’minlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ishlar jadal davom ettirilmoqda. Sohaga raqamlashtirish va ilg‘or texnologiyalar jadal joriy etilmoqda. Bularning barchasi Milliy armiyamizning  tom ma’nodagi nufuzi va obro‘sini yanada yuksaltirish, faxrimiz va g‘ururimiz timsoliga aylanishida asosiy omil bo‘lmoqda.

bugungi g‘oyat murakkab globallashuv zamoni tinchlik va osoyishtalik, o‘zaro ahillik va totuvlik boshimiz uzra musaffo osmonimizning bebaho boylik ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Bu esa osoyishtaligimizni asrashda nainki harbiylar, o‘zini shu tabarruk diyor farzandi, deb bilgan barcha hamyurtlarimizdan jonajon O‘zbekistonimizning taqdiriga, kelajagiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashga, uning tuprog‘ini muqaddas bilishga va bu yo‘lda mas’uliyatni teran anglashga da’vat etmoqda. Zero, Vatanimizning davlat suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, hududlarimiz yaxlitligi va osoyishtaligini saqlash kelajak avlod oldidagi muqaddas burchimizdir.

– Vatanni, o‘z xalqini himoyalash yigit kishining zimmasidadir,  – dedi Jizzax viloyati Do‘stlik tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari, “Shuhrat” medali sohibi Elyor Jumanov. – Bizga bildirilgan ishonchni oqlash,  Vatanimizga, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish hayotimizning bosh shioridir.

– Harbiylik bizga ota kasb, – dedi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi guruh komandiri Nizomiddin Mamatqulov. – El-yurt tinchligi, uning koriga yarash nainki maqsadimiz, balki umr mazmuniga aylanib ketgan. Yurt tinchligi, xalqim himoyasi uchun kerak bo‘lsa jonimni berishga tayyorman.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari badiiy jamolari, san’at ustalari va yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev,  Qonunchilik palatasi Raisi Nurdinjon Ismoilov ishtirok etdi.


Nazokat USMONOVA, O‘zA