So‘nggi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasiga katta e’tibor qaratilib, ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Tibbiyot xodimlari, hamshira va shifokorlar nufuzini oshirish, ularga munosib shart-sharoit yaratish ham davlatimiz rahbarining diqqat markazidagi masaladir.

Bu borada erishilgan yutuqlar, amalga oshirilgan ishlarga xalqimiz bevosita guvoh va buni amalda ishtirokchisidir. Shu bilan birga qilinajak, bartaraf etilishi lozim bo‘lgan masalalar, yo‘nalishlar, muammolar ham borki, buni yil yakunida «Dok-1 Maks» dori preparatidan zaharlanish va bu bilan bog‘liq fojiaviy holatlar – bolalar o‘limi ko‘rsatib berdi.

O‘zA muxbiri shu va boshqa dolzarb mavzular yuzasidan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov bilan suhbatlashdi.

– Eng avvalo, Prezidentimizning, qolaversa xalqimizning bunday yuksak ishonchini oqlash biz uchun katta mas’uliyat va majburiyatdir. Shuningdek, bu ishonchni sharaf va g‘urur deb hisoblayman, – deydi Amrillo Inoyatov. – Xalqimiz salomatligini muhofaza qilish, har bir fuqaroning sog‘lig‘ini asrab-avaylash davlatimiz rahbarining doim diqqat markazida bo‘lib kelgan.

Yangi O‘zbekistonni xalqaro darajaga olib chiqish uchun juda baland marralar ko‘zlangan. Bu yuksak marralarni kim zabt etadi, islohotlarni kim amalga oshiradi? Sog‘lom millat, sog‘lom xalqgina buni amalga oshira oladi. Shunday ekan, bizning oldimizda ulkan vazifa turibdiki, xalqimizning sog‘lig‘ini muhofaza qilishni, mamlakatimizda faol va sog‘lom keksalikni ta’minlashni ustuvor vazifa deb bilaman. Buning uchun bir qator strategik yo‘nalishlar bo‘yicha ishlarni amalga oshirishimizga to‘g‘ri keladi.

Avvalo, aholini sog‘lom turmush tarziga, to‘g‘ri ovqatlanishga, faol jismoniy harakatga o‘rgatish juda zarur. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, agar mana shu uchta masalani hal etish uchun aholining har biriga ikki dollardan mablag‘ sarflansa, noto‘g‘ri turmush tarzidan kelib chiqadigan kasalliklarni instrumental, klinik, laborator tekshirish uchun ketadigan 8 dollar hamda kasallikni davolash uchun sarflanadigan 286 dollar mablag‘ iqtisod qilinadi. Demak, mamlakatimiz aholisining har biriga sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, faol harakat profilaktikasi uchun ikki dollardan mablag‘ ajratsak, ularning har biridan qariyb 300 dollardan mablag‘ iqtisod qilinadi. Bu davlat uchun ham, xalqimiz uchun ham manfaatlidir. Shuningdek, bu aholimizning ratsional sog‘lom o‘sishi va intellektual resursini ta’minlaydi.

Aynan shu masala Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga va parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ko‘tarildi. Umummilliy harakatni boshlaymiz. Chunki biz olti yil urindik, qator qaror, farmonlar imzoladik. Lekin biz aytgandek natija bo‘lmadi, degan fikr bildirildi. Buning uchun umummilliy harakatni keng ko‘lamli va multisektorial joriy qilish, har bir vazirlik, idoralar oldida aniq vazifalarni belgilab berish zarur bo‘ladi.

Chunki, sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyati yoki faol jismoniy harakatni ta’minlash birgina Sog‘liqni saqlash vazirligining vazifasi emas. Bu birinchi navbatda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi, qolaversa, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi shuningdek, sport, mahalla, hatto suv, qishloq xo‘jaligi kabi barcha vazirlik va idolarning vazifasi deb bilaman. Birgina sog‘lom turmush tarzi yoki to‘g‘ri gigiyenani yo‘lga qo‘yish orqali, shuningdek, qishloq joylarida aholiga toza ichimlik suvini ta’minlab berish natijasida, biz bugun kurashayotgan minglab kasallik va uning asorati bilan kelayotgan bemorlarning keskin kamayishiga erishamiz.

– Prezidentimiz doim birlamchi bo‘g‘inni aholiga yaqinlashtirish va qulaylik yaratish haqida so‘z yuritadi. Joriy yil davomida eng chekka hududlarda qancha vrachlik punktlari ishga tushiriladi va birlamchi bo‘g‘in qay darajada aholiga yaqinlashtiriladi?

– Darhaqiqat, birinchi o‘rinda biz tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirishmiz kerak. Bu borada ham Prezidentimiz oldimizga aniq vazifalar belgilab berdi. Xalqimizga sifatli va kafolatlangan tibbiyotni yanada yaqinlashtirish maqsadida 500 dan ortiq ixcham mahalla tibbiyot punktlari mamlakatimizning eng chekka, olis hududlarida, shuningdek, 140 ta oilaviy poliklinika tashkil etish vazifasi qo‘yilgan. Shuningdek, ushbu tibbiyot muassasalarini zamonaviy kadrlar bilan ta’minlash masalasi eng dolzarb vazifa qilib belgilab olindi.

Jahon tibbiyoti tajribasida bugun «Dualnoye obrazovaniye» degan termin bor. Bu ham o‘qib, ham ishlash deganidir. Talaba buning uchun haq oladi. Tabiiyki, ham o‘qib, ham manfaatdor bo‘lsa, u albatta samarali ish beradi. Shu nuqtai nazardan Prezident qarori bilan mamlakatimizda tibbiyot oliygohlarining oltinchi kurs bitiruvchilari onlayn tarzda o‘qiyapti, ham joylarga borib tibbiyotimizning birlamchi bo‘g‘inida faoliyat olib boryapti.

Bu o‘z samarasini berdi: o‘tgan yilning o‘zida bitiruvchilarimizning 5 ming 555 nafari 100 foiz ish bilan ta’minlandi. Bugun tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida qariyb 10 ming nafar shifokor yetishmayotgan bo‘lsa, 50 foizini mana shu bitiruvchilar hisobiga ta’minladik.

Bugun poliklinikalar soni 4 ming 200 taga yetkazilishi natijasida qariyb olti yarim million aholiga tibbiyot yanada yaqinlashtirildi. Zarur bo‘lgan barcha turdagi dori vositalari, tibbiy jihozlar bilan ta’minlandi.

Bilasizmi, yana bir muhim kadrlar yetishmasligi masalasi borki, buni tezkorlik bilan bartaraf etish eng ustuvor vazifalarimizdan. Bugun respublikamizda xususiy sektorni inobatga olmagan holda davlat tibbiyot muassasalari (birlamchi bo‘g‘in, viloyat, respublika darajasidagi barcha davlat tibbiyot muassasalari, sanepid xizmati)da 30 ming nafar shifokorga ehtiyoj bor. Shuningdek, xususiy sektor uchun ham kadr tayyorlab berishimiz kerak.

– Murojaatnomada ta’kidlanishicha, bugungi kunda 15 mingdan ortiq aholi onkologik yordamga muhtoj. Bu borada joriy yilda qanday samarali ishlar amalga oshiriladi, qaysi hududlarda yuqori texnologik radiologik markazlar ishga tushiriladi?

– Bugungi kunda mamlakatimizda 113 ming nafar bemor onkologik kasallik bilan ro‘yxatda turadi. Ular muntazam ravishda davolanib kelmoqda. Onkologiya yo‘nalishida eng ustuvor vazifa bu – kasallikni birinchi bosqichida aniqlash. Buning uchun hamma hududlarga zamonaviy mobil mammograflar olib berildi. Ayollarimizda uchraydigan bu kasalliklar erta, birinchi bosqichda aniqlansa, bu bilan kurashib, yuz foiz davolasa bo‘ladi. Bu bo‘yicha juda katta davlat dasturlari qabul qilingan bo‘lib, ro‘yxatga olingan har bir bemor uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi dorilar bilan bepul davlat tomonidan ta’minlab berish choralari ko‘rilmoqda. Bu bemorlarning hammasi markazga kelmasligi, bu yerda sun’iy navbat yuzaga kelmasligini ta’minlaydi. Bemorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida hududlarning o‘zida tashxis qo‘yish va davolash choralari ko‘rilyapti.

Xorazm viloyatida onkologiya dispanseri tashkil etildi. Bugun shu kecha kunduzda 7 ming nafar onkologik bemor Xorazm viloyatiga to‘g‘ri kelyapti. 2019 yilda ularning 3 yarim ming nafari order bilan davolanish uchun poytaxtga qatnagan bo‘lsa, 2020 yilga kelib, bu ikki baravarga kamaydi. Ya’ni bemorlarning markazga kelishi 3 yarim ming nafarga, 1 ming 700 ta orderga kamaydi. 2021 yilda bu raqam 750 taga tushdi va 2022 yilga kelib bor yo‘g‘i 131 tani tashkil etdi.

Onkologiya yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida qurilayotgan yangi 650 o‘rinli markaz zamonaviy bo‘lishi kutilyapti. Bu bilan mamlakatimizda hali joriy qilinmagan 10 ga yaqin texnologiyalar olib kelinyapti, yangi standartlar kirib kelyapti. Bu kabi zamonaviy markazlar nafaqat Toshkentda qolaversa, barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilab berilgan.

– Tibbiyot ijtimoiy soha. Uning naqadar muhim, ustuvor yo‘nalish ekanligini yil so‘ngida ro‘y bergan voqealar ham ko‘rsatib berdi. Shuningdek, yangi davolash standartlari, protokollari ustida ish olib borish vaqti-soati allaqachon yetib kelgandek. Qachon oilaviy poliklinikaga kelgan bemor shifokor qabulidan bitta dorini yozdirib, shundan davo topish darajasiga erishamiz? Balki kimyoviy-sintetik dorilar bilan davolanishdan ko‘ra, tabiiy, xalqona, usullarga o‘tilar? Soha ichida yurgan inson sifatida yuragingizga tugib qo‘ygan qanday masalalar bor?

– Bu borada ham kamchiliklarimiz mavjud. Aytganingizdek, bir xil tashxisli bir bemorga uch-to‘rt xil dori yozib berilyapti. Buning sababi mamlakatimizda xalqaro standart davolash protokollarining joriy qilinmayotgani.

Prezidentimiz doim tibbiyotimizning qaysi turi bepul, qaysi turi pullik degan savolni takror-takror beradilar. Mana shu savollardan kelib chiqib, biz bugun xalqaro tajribani o‘rganib, ekspertlar bilan birgalikda tibbiyot, birlamchi tibbiyotning har bir bo‘g‘inida, ya’ni oilaviy shifokorlik punkti, oilaviy poliklinika, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika hamda tuman, shahar shifoxonalarida bemorlar uchun kafolatlangan bepul paketni shakllantiryapmiz.

Bir oy ichida ushbu kafolatlangan paketni joriy etishni ko‘zda tutganmiz. Kafolatlangan paketga kirgan xalqaro klassifikatsiyadagi qariyb 17 yarim mingdan ortiq kasalliklar ro‘yxati shakllantirilyapti. Hozirda bu bo‘yicha ishlar jadallik bilan olib borilyapti. Bu bilan tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida aholimiz uchun zarur bo‘lgan kasalliklar ro‘yxati va ushbu kasallikni davolashga kerak bo‘ladigan dori-darmonlar va tekshiruv uchun kerakli reagentlar bepul bo‘ladi. Shuningdek, viloyat darajasida va respublika darajasida ushbu kasalliklar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, yo‘llanma orqali bir-biriga integratsiya qilinadi.

Mamlakatimizda 500 dan ortiq noyob shifobaxsh o‘simlik turlari bor. Ammo bu bilan deyarli hech kim shug‘ullanmayapti. Ishni ana shundan boshlashimiz kerak. Noyob shifobaxsh o‘simliklarni izlab topib, ularni ko‘paytirish, qayta ishlab chiqarish sanoatini yo‘lga qo‘yib, uni tibbiyotimizning birlamchi bo‘g‘iniga aniq standart protokollar bilan belgilab joriy qilish kerak. Bu bilan yuqori texnologik dori ishlab chiqarish sanoatini yo‘lga qo‘yish, aholimizni arzon va xavfsiz dorilar bilan ta’minlash, buni jahon farmatsevtika bozoriga eksport qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Sifatli, malakali, kafolatlangan tibbiyot. Bu tizimning ishlab ketishi uchun birinchi navbatda mamlakat tibbiyotini raqamlashtirish va uni sug‘urtaga o‘tkazish kerak. Agar mana shu ikki masalani yechmas ekanmiz, biz tibbiyotimizni transformatsiya qila olmaymiz. Bu oddiy aksioma. Biz mana shu masalani oldimizga aniq vazifa qilib olganmiz. Sug‘urtalash tizimi dastlab Sirdaryoda eksperimental joriy etildi, daslabki natijalarimiz bor. Endi ushbu tizim 2023 yilda Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Andijon viloyatlarida tatbiq etiladi.

Yilning birinchi yarim yilligida barcha tibbiyot muassasalarini internet tarmoqlari bilan ta’minlash va ikkinchi yarim yillikdan boshlab tibbiy sug‘urtani amalga oshirish va oilaviy poliklinika, raqamli oilaviy poliklinika va raqamli statsionarlarni ishga tushishini ta’minlash vazifasi oldimizda turibdi.

– Yil yakunida ro‘y bergan «Dok-1 Maks» dori preparati bilan bog‘liq fojiali voqealar haqida nima deya olasiz? Farmakologik siyosatni qayta isloh qilish kerakdir, balki?

– Aniq ayta olamanki, bu birgina shifokorlarimizning aybi emas. Chunki bu preparatlarning boshqa davlatlardan bunday holatda kirib kelishi, zararli preparat bo‘lib chiqqanligi biz shifokorlarning aybimiz emas. Bu masalada SSVda juda katta ishchi guruh tashkil qilinib, chuqur ilmiy o‘rganilmoqda. Chetdan keladigan har qanday xavf-xatarga tayyor turishimiz, ogoh bo‘lishimiz kerakligi o‘zimiz uchun ham juda katta saboq bo‘ldi. Lekin hozirgi holatda, mamlakatimizga aynan «Dok-1 Maks» preparati va «Ambronol» siroplarining qalbakisi kirib kelishi, uning tarkibida bunday zaharli moddalar bo‘lishi shifokorlarimizning aybi emas. Muhimi, bu bilan bog‘liq o‘lim holatlarini deyarli to‘xtatdik. Bugun haqiqatda ushbu doridan zaharlanib, davolanayotgan bolalarimiz bor. Bu oldingi boshqa zaharlanishlardan tubdan farq qiladigan zaharlanish bo‘lganligi uchun ham zudlik bilan ilmiy, chuqur ichiga kirib, aniqlash ishlari olib borilyapti.

– Zaharli dori preparatlari partiyasining O‘zbekistonga kirib kelishiga aynan Sog‘liqni saqlash vazirligi, vazirlik mutasaddisi sifatida siz ham mas’ul emasmidingiz?

– Albatta, mas’ulmiz. Juda ham to‘g‘ri savol berdingiz. Buning uchun bizda Farmagentligi tashkiloti bor. Ushbu Farmagentlik bugun huquq tartibot organlari tomonidan chuqur tekshirilyapti. Bugun mamlakatimizga kirgan ayrim partiya preparatlari sertifikatlarining soxtalashtirilganligi to‘g‘risida faktlar aniqlangan. Bu uchun javobgarlik bor. Aybdorlarning hammasi qonun oldida ham, xalq oldida ham albatta, javob beradi.

O‘zA muxbiri

Mohigul Qosimova suhbatlashdi.