Shu kunlarda Buxoro shahrida qurilishi rejalashtirilayotgan turizm majmuasi turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mazkur holat bo‘yicha izoh berdi.

“So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, ushbu sohadagi mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mazkur tarmoqni yanada takomillashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining shaxsan tashabbusi bilan o‘tgan qisqa davr mobaynida yurtimizda bu sohada ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi va uning ijrosi izchil ta’minlanmoqda. Birgina o‘tgan yili ko‘hna Samarqand shahrida yangi turizm markazining tashkil etilgani ham mamlakatning turizm salohiyatida imkoniyatlar ko‘lami keng ekanligini amalda ko‘rsatib berdi.

bugungi kunda ko‘hna kentda o‘nlab turistik majmualar qad rostladi. Bunga monand tarzda infratuzilma ham shakllantirildi. “Silk road Samarkand” yangi turizm markazi zamonaviy kongress-markazi, “Abadiy shahar” tarixiy-etnografik xiyoboni, “Eco Village” alohida kottejlar majmuasi, shuningdek xalqaro tasniflangan brendlar ostidagi 8 ta mehmonxonani birlashtirgan ulkan ko‘p tarmoqli majmua sifatida O‘rta Osiyo turizm sektoridagi referent markazga aylandi.

Qadim Buxoro ham ana shunday tarixiy obidalari bilan bugun dunyo ahlining e’tiboriga sazovor bo‘lib kelmoqda. Bu esa o‘z-o‘zida ushbu tarixiy ob’ektlarni  asrab-avaylash, hududda turistik salohiyatni rivojlantirishni taqozo etmoqda.

Tahlillar mazkur hududda infratuzilma va qulay servis muhitining yetarli darajada rivojlanmagani, xorijiy va mahalliy mehmonlar uchun zamonaviy sharoitlar yetishmasligini ko‘rsatmoqda.  Bu tabiiyki, tarixiy shaharlarimizda sayyohlar oqimining ortishiga imkon bermayapti. Buxoro shahrining qadimiy qismi yaqinida bir paytlar uzoqni ko‘zlamasdan qurilgan inshootlar, past-baland binolar o‘ziga xos me’moriy ansambl ko‘rkiga dog‘ bo‘layotgani bor gap. Ushbu binolar Sobiq Ittifoq davrida shaharning tarixiy ahamiyati va arxitektura an’analari hisobga olinmagan holda qurilgan.

Shaharning turistik jozibadorligini oshirish, qulay sayyohlik infratuzilmasi asosida qurilish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Buxoro shahrida 5 ta hudud o‘rganildi. Eskiz va bosh rejalari ishlab chiqilib, taqdimotlari o‘tkazildi. Ushbu loyihalar bo‘yicha investorlarning takliflari tahlil qilindi va ochiq tanlov asosida saralandi.

Buning uchun ko‘plab nufuzli xorijiy mutaxassislar, arxitektorlarning fikrlari, takliflari inobatga olindi.

Shulardan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 dekabrdagi  “Buxoro viloyatida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish to‘g‘risida”gi  296-sonli bayonining ijrosini ta’minlash maqsadida hozirgi kunda Buxoro viloyatida “Buxoro turizm markazi”ni barpo etish uchun Buxoro shahridagi I.Mo‘minov, Hamza va X.Tonish ko‘chalari kesishmasida joylashgan hududdan 32,6 gektar yer maydoni tanlab olingan.

Loyihaga ko‘ra, “Turistik markaz” hududida Buxoroning “eski shahar” qismiga monand,  katta bo‘lmagan mehmonxonalar, milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan “Turizm shaharchasi” barpo etilishi hisobiga tashrif buyuruvchi sayyohlarning erkin (piyoda) harakatlanishi uchun  imkoniyat yaratiladi. Tarixiy markazning mantiqiy davomi sifati uyg‘unlikda yangi turizm shaharchasi shakllanadi hamda aeroport va temir yo‘l vokzalidan aniq yo‘nalish bo‘yicha transport qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

 

Turistlarni Buxoroda bo‘lish vaqtini uzaytirish bo‘yicha tungi paytda madaniy tadbirlar, gastrol konsert, teatrlashgan tomoshalar, forum, yarmarka va uchrashuvlar tashkil etilishi uchun eng jozibali hudud paydo bo‘ladi. Yangi turizm yo‘nalishi, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi, minglab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Asosiysi,  Buxoro shahrining “eski shahar” qismiga tutash hududdan “Turizm shaharchasi” ning barpo etilishi sayyohlar uchun turistik zonalar maydoni kengayishiga olib keladi. Bu o‘z-o‘zidan viloyatda oxirgi yillarda yo‘lga qo‘yilgan turistik yo‘nalishlar ya’ni, ekoturizm, agroturizm, qishloq turizmi, gastronomik turizm va boshqalarning keskin rivojlanishiga olib keladi va sayyohlar demografiyasining  yoyilishiga erishiladi.

Buxoro shahrida rejalashtirilgan “Turizm markazi”ni qurish loyihasi doirasida asosan ma’muriy binolar boshqa hududga ko‘chiriladi va bu ishlar investor tomonidan amalga oshiriladi. Bunda aholi yashash xonadonlari ko‘zda tutilmagan. bugungi kunda “Turizm shaharchasi” qurilishi rejalashtirilgan hududda 14 ta davlat tashkiloti va 10 ta xususiy mulkdorlarga tegishli jami 24 ta bino va inshootlar mavjud bo‘lib, ularni boshqa hududga investor bilan kelishgan holda ko‘chirish maqsad qilingan.

Yangi ma’muriy markaz uchun tanlangan hududda viloyat va shahar hokimiyati binolari, boshqarmalar, markaziy xiyobon, madaniyat va yoshlar markazi, zamonaviy  sport majmuasi, markaziy o‘yingoh, Yangi O‘zbekiston bog‘i, savdo markazlari, tijorat banklari qad rostlaydi. Bu ishlar  2023-2025 yillarda amalga oshiriladi. Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazini joylashtirish uchun Buxoro shahridagi “Gulchorbog‘” va “Otbozor” MFY hududidan birinchi bosqichda 100 gektar yer maydoni chegaralari belgilandi. Yangidan tashkil etiladigan ma’muriy markaz hududiga shahar markazidagi ma’muriy binolar bosqichma-bosqich ko‘chirib o‘tkaziladi.

Yuqorida qayd etganimizdek,  2022 yilda Buxoroga tashrif buyurgan sayyohlar oqimi qariyb 3,5 mln nafarga (bunda, mahalliy sayyohlar – 2,9 million nafar, xorijiy sayyohlar soni 550 ming nafar) yetgan bo‘lsa, mazkur shaharcha barpo etilishi hisobiga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni 4 baravarga  oshib, jami 8 million nafarga yetkaziladi.

Tahlillarga ko‘ra, 2022 yilda viloyatga tashrif buyurgan sayyohlardan byudjetga 0,2 milliard AQSH dollari tushgan bo‘lsa, ushbu shaharchaning barpo etilishi bilan mahalliy byudjetga turizm xizmatlaridan tushum 1 milliard AQSH dollarga yetkaziladi. Tahlillar  “Turizm shaharchasi” barpo etilishi va qo‘shimcha sifatli xizmat turlari ko‘rsatilishi hisobiga sayyohlarning hududda qolish muddatlarining 5-6 kunga uzayishini ham ko‘rsatmoqda.

Shaharning muhandislik tarmoqlarini yaxshilash uchun gaz quvurlarini rekonstruksiya qilishga 133,5 milliard, elektr energiyasiga 47,6 milliard,  suv va kanalizatsiya tarmoqlariga 278 milliard so‘m pul ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Turizm markazining loyiha konsepsiyalarini ishlab chiqish, joriy yilning fevlar oyi yakuniga rejalashtirilgan bo‘lib,  loyihalashtirish jarayonida muxandislik tarmoqlarini rekonstruksiya kilish hisobiga mavjud quvvatlarni oshirish ko‘zda tutilgan. Ya’ni, tashkil etiladigan turizm markazi hududidagi podstansiya va 2 dona quvvati 4000 kVA transformatorlar 50 foiz yuklama bilan ishlamoqda. Bundan tashqari xududda 32 dona transformator punktlari mavjud bo‘lib, 18 tasi 40 yildan ortiq ishlagan va ma’nan eskirgan.

Mazkur hududdagi gaz quvurlari 1958-1970 yillarda qurilgan bo‘lib, bugungi kunda ta’mirtalab holga kelib qolgan. Yangi markaz qurilishida ana shu muammolar chuqur tahlil qilingan holda, infratuzilmani yangilash, modernizatsiya qilish ham nazarda tutilgan. Bu bilan shahar markazidagi turar-joy binolari, ijtimoiy soha ob’ektlarining kommunakatsiya tarmoqlari yangilanishiga erishiladi.


Shahnoza Mamaturopova, O‘zA