Qirgʻiziston ekspertlari “Markaziy Osiyoning suv zaxiralari mojaroga sabab boʻlishi mumkin edi, lekin uch mamlakat yetakchilari xalq farovonligi yoʻlida hamkorlikni yoʻlga qoʻya olishdi”, demoqda.

Qirg‘iziston ekspertlari “Qambarota-1” gidroelektrostansiyasini (GES) birgalikda qurish haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda.  Mazkur loyihani amalga oshirishda O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonga hamkorlik qiladi. Bu haqda 2022 yilning yozida uch davlat rahbarlari darajasida kelishuvga erishiladi. Kuni kecha esa uмuмий quvvati 1 860 megavattli «Qambarota-1» GESi qurilishi bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi.

Tomonlar loyihani amalga oshirishning asosiy shartlari va zarur chora-tadbirlarni belgilab oldilar.

Loyiha doirasida sig‘imi 5,4 mlrd. metr kubga teng suv ombori va 1860 MVt quvvatli gidroelektrostansiyasi ishga tushiriladi. Natijada yiliga o‘rtacha 5,6 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Eslatib o‘tish joizki, 2022 yil sentyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammiti doirasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari «Qambarota-1» GES qurilishini tez fursatda boshlash muhimligiga alohida e’tibor qaratishgan edi.

Uch mamlakat energetika vazirlari loyihaning texnika-iqtisodiy asosini ishlab chiqilayotgani va qurilishni boshlashga tayyorligini bildirib, “yo‘l xaritasi”ni imzolashdi, deb yozadi “Kabar” agentligi muxbiri Kirill Stepanyuk loyiha haqida e’lon qilgan tahliliy maqolasida

Maqolada, shuningdek, mazkur loyiha bo‘yicha qirg‘izistonlik ekspertlarning ham fikrlari keltiriladi. Ular mazkur ob’ekt mamlakat uchun o‘ta yirik infratuzilma loyihasi hisoblanishini ta’kidlab, mamlakatning energetika salohiyatini sezilarli ravishda oshirishi va mintaqaning iqtisodiy taraqqiyoti hamda  davlatlararo kooperatsiyasi uchun qulay sharoit yaratishini alohida ta’kidlashgan.

“Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “Qambarota-1” gidroelektrostansiyasi qurilishi bo‘yicha hujjat imzolanishi nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy  jihatdan ham muhim bosqich bo‘ldi. Chunki, aynan daryoning oqimi bilan bog‘liq masala uzoq yillardan buyon Markaziy Osiy mamlakatlari o‘rtasida bahslarga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Hatto suv zaxiralari uchun qurolli mojaro kelib chiqishi ehtimoli haqida turli xunuk bashoratlar ham bildirilgan edi. Mana, nihoyat, tarixiy qaror qabul qilindi, uch respublika ushbu ulkan GESni birgalikda qurishga kelishib olishdi. “Qambarota-1” quvvati bo‘yicha Toxtag‘ul  GESdan ham katta hisoblanadi”, deyiladi maqolada.

Mazkur loyiha ishga tushirilsa, bir yo‘la qator muammolar hal qilinadi. Masalan, energiya ishlab chiqarish oshiriladi, dala va bog‘larni sug‘orish uchun suv to‘planadi. Bizning qishloq xo‘jaligimiz ham, quyi oqimda  joylashgan Qozog‘iston va O‘zbekiston ham yoz mavsumida barqaror suv ta’minotiga ega bo‘ladi. Qishda esa «Kambarota-1» stansiyasi ishlab chiqaradigan elektrenergiya miqdori nafaqat ichki iste’molni qoplashga, balki qo‘shni davlatlarga eksport qilish hamda CASA-1000 loyihasini amalga oshirish uchun ham yetarli bo‘ladi, deyiladi maqolada.

“Bu yerda siyosiy jihatni hisobga olish juda muhim, zero, hujjatning imzolanishi Markaziy Osiyo davlatlarining chuqur integratsiyasi boshlanganidan dalolat beradi. O‘ylaymanki, bu multiplikativ samara beradi va biz kelgusida Bishkek, Toshkent va Ostona o‘rtasidagi yanada yaqinlashishga qaratilgan boshqa aniq qadamlarni ham ko‘ramiz. Markaziy Osiyo bir muncha vaqt o‘tgach, iqtisodiy va siyosiy o‘zaro hamkorlikning monolit mintaqasiga aylanadi», – deya ishonch bildiradi siyosatshunos Mars Sariyev.

Jamoat arbobi Baxit Baketayev ham shunday fikrni bildiradi va shu bilan birga, u Markaziy Osiyoda suv resurslari uchun kurash jiddiy mojarolarni keltirib chiqarishi mumkinligini ham qayd etadi. Ammo Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston rahbarlari “Qambarota-1” GESini qurish bo‘yicha qarorlarni muhokama qilish va tasdiqlashda siyosiy donolik ko‘rsatdilar. Sadir Japarov, Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev suv resurslaridan xalqlarimiz manfaati yo‘lida foydalanish masalasiga hamkorlik nuqtai nazaridan yondashdi.

Baxit Baketayevga ko‘ra, siyosatchilar qo‘shni davlatlar bir-biridan ayro holda rivojlana olmasligini anglab yetishgan. Bir xalq yaxshi yashasa-yu, chegaraning narigi tomonidagi boshqasi yomon yashasa. Bunday masalalarda konsolidatsiyaning yo‘qligi mojaro o‘choqlarini yaratish tahdidini keltirib chiqaradi.

– Biz suv va energiyani bir-birimiz bilan baham ko‘rishimiz, ulardan manfaatli foydalanishimiz kerak, toki mintaqamizda iqtisodiy taraqqiyot bo‘lsin, aholi turmush darajasi yuksalsin. “Qambarota-1” GESining  birgalikda bunyod etilishi Markaziy Osiyo respublikalarini muqarrar birlashtirish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ladi. Men bu loyihani nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy ahamiyatga ega, deb bilaman. Bu mintaqada sifat jihatidan yangi ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish vektorini belgilab beruvchi muhim omil bo‘lib, jiddiy davlatlararo birlashmaning shakllanishiga asos bo‘ladi, – deydi ekspert Baxit Baketayev.

“Kelgusida “Qambarota-1” GESi iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omiliga aylanadi. Uning quvvati energiyani ko‘p iste’mol qiluvchi sanoat tarmoqlarini yaratish, sanoat sektori va tog‘-kon sanoatini rivojlantirish uchun muhim asos bo‘ladi. GES kaskadidan o‘tadigan suvdan oqilona foydalanish esa yozda dala va bog‘larni sug‘orishda foydalanish uchun yetarli miqdorda suv to‘planishiga yordam beradi. Bu esa, shubhasiz  mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi”, deydi muallif maqola yakunida.

 

Saidmurod RAHIMOV

tayyorladi.