Har qanday mehnat jamoasida xodimlaring xavfsizligini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish dolzarb masalalardan biridir. Zero, ish joyida ishchi xodimlarni kasbiy xavf-xatarlardan himoyalash, mehnat qonunchiligiga rioya etish inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda ham muhim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Xalqaro mehnat tashkilotining ishchilarni ish joyida havo ifloslanishi, shovqin va tebranish tufayli vujudga keladigan kasbiy xavf-xatardan himoyalash to‘g‘risidagi 148-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1977 yil 20 iyun) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Xo‘sh, ushbu hujjatning mazmun-mohiyati, ahamiyati nimada, uni ratifikatsiya qilish O‘zbekistonga nima beradi? Bu borada deputat Nodir Tilavoldiyev quyidagilarni ta’kidladi:  

– Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta bob va 24 ta moddadan iborat 148-sonli Konvensiyasining maqsadi milliy qonunchilik yoki qoidalar orqali ish joylarida havoning ifloslanishi, shovqin va tebranish tufayli vujudga keladigan kasbiy xavf-xatarlardan ogohlantirish, ularni cheklashga hamda ushbu xatarlardan himoyalanishga yo‘naltirilgan choralar qabul qilinishini belgilaydi.

Ushbu Konvensiya 47 ta davlat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Germaniya, Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya kabi Yevropa davlatlari hamda MDH mamlakatlaridan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon Respublikalari va Rossiya Federatsiyasi shular jumlasiga kiradi.

Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi ish joylarida mehnat sharoitlarini, jumladan, zararli va xavfli ishlab chiqarish omillarini, mehnat jarayonlarining og‘irligi va tig‘izligini, asbob-uskunalarning jarohatlash xavfini baholash, qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiqlashtirish maqsadida attestatsiyadan o‘tkazishni nazarda tutadi.

O‘zbekistonning mazkur Konvensiyaga qo‘shilishi Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari hamkorligida mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchiligimizga joriy etish bo‘yicha izchil choralarni ko‘rishga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA