Ijtimoiy tarmoqlarda Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filialining kadrlar bo‘limi inspektori J.M. pora olayotgan vaqtda qo‘lga olingani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganilganda, J.M. 2022 yil 25 dekabr sanasidan Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon hududiy filialining kadrlar bo‘limida inspektor sifatida ish boshlaganligi aniqlangan.

U 2023 yil 7 yanvar kuni soat 13:00lar atrofida Andijon shahrining “Soy” mahallasi hududidagi dorixona oldida fuqaroni ishga olib kirib qo‘yish evaziga undan 400 AQSH dollarini olayotgan paytda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, hozir mazkur voqea yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Vazirlik tomonidan ushbu holat o‘rganilib, e’tiborsizligi oqibatida korrupsiyaviy holat sodir etilishiga sharoit yaratib berganligi, muassasa xodimlari o‘rtasida yetarlicha tushuntirish ishlarini olib bormaganligi uchun Respublika tez tibbiy yordam markazi Andijon filiali direktori I. A. va kadrlar bo‘limi boshlig‘i E.X. egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.

 O‘zA