Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Din ishlar bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Sirojiddin Salomov tomonidan sohaga tegishli ma’lumotlar taqdim etildi.

Qayd etilishicha, fuqarolarning muqaddas ziyoratlarga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirish maqsadida Jamoatchilik kengashi qarori asosida Haj va Umra safarlarini tashkil etish yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Umra safariga boruvchi ziyoratchilar sonini belgilash bo‘yicha kvota olib tashlandi, natijada respublikamizning ayrim hududlarida navbatlar tugatildi, ba’zilarida esa navbatlarining sezilarli darajada kamayishiga erishildi.

Mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida fuqarolar uchun Haj va Umra ziyoratlari yuqori saviyada tashkil etilib, o‘tgan 2022 yilda 12 ming 45 nafar ziyoratchi Haj amallarini, 61 mingdan ortiq ziyoratchi Umra amallarini ado etgan.

Shuningdek, aholi ehtiyojidan kelib chiqib, hududlarda 19 ta yangi diniy tashkilotlar o‘z faoliyatini boshladi. Jumladan, 50 ta diniy tashkilotda tubdan qayta qurish, 38 tasida ta’mirlash ishlari yakunlandi, 321 ta binoda qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirishga muhtoj bo‘lgan 6 611 nafar shaxs va ularning oila a’zolari bilan 18 mingta profilaktik tadbirlar o‘tkazilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA