FOTOREPORTAJ

Poytaxtimizdagi “Humo Arena” muz saroyida “Bremen musiqachilari”ning muz ustidagi shousi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, aholiga madaniy dam olish xizmatlari ko‘rsatish darajasini oshirish Yangi O‘zbekistonni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi.

“Bremen musiqachilari”ning muz ustidagi shousi aynan oilaviy madaniy hordiq uchun hamda o‘quvchilarining ta’til kunlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiluvchi yaxshi taklif bo‘la oldi.

Ko‘pchilik uchun sevimli bo‘lgan ertak qahramonlari obrazidagi ijodkorlar o‘zlarining jozibador sahna manzarasi va figurali uchish bo‘yicha g‘aroyib chiqishlarini namoyish etdi. Tomoshabinlar halqalar yordamida jonglyorlik qilayotgan it, muz maydoni uzra uchib, akrobatlik mahoratini ko‘rsatayotgan xo‘roz, fokuschi mushuk, malikani o‘g‘irlab, u bilan parvozga ko‘tariladigan ayg‘oqchi kabi qahramonlar bilan tanishdi. Ushbu obrazlarni Irina Slutskaya, rossiyalik figurali uchuvchi, Rossiya va Yevropa chempioni Alena Kostornaya kabi muz maydonining mashhur ustalari ijro etdi.

Sahna manzarasi bezaklaridan tashqari, shouda noyob 3D mepping texnologiyasidan foydalanildi. Bu videoloyiha muz maydonini turli sahna ko‘rinishga, xoh qirol saroyiga, xoh bepoyon gulzorga aylantira olishi bilan ahamiyatli. Ertakdagi muhit turg‘un sahnadagi tomosha doirasidan chiqib, tom ma’noda jonlandi.

Shouda ijro etilgan qo‘shiqlar uchun musiqalarni mashhur skripkachi, Emmi mukofoti sovrindori, “Yevrovideniye-2008” tanlovi g‘olibi, Rossiya jamoasi a’zosi, bastakor Edvin Marton yozgan.

 

Kamola Yusupova,

Nosirjon Haydarov  (surat) O‘zA