Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish, aholi turar joylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, respublikaning barcha hududlarida sanitariya holatini yaxshilash maqsadida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hashari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham erta tongdan boshlandi.
– Navro‘z bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan hasharda 1 million 460 mingdan ziyod kishi ishtirok etadi, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi xodimi Tavakkal Abduxalikov. – Ularning 920 mingdan ortig‘i yoshlardir. Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda yolg‘iz keksalar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalar holidan xabar olish, uy-joylarini tozalash, sarishtalashga ko‘maklashish bo‘yicha aksiya o‘tkazish rejalashtirilgan.
Hashar ishtirokchilari har bir xonadon, ko‘cha, xiyobon va mahallada obodonlashtirish ishlarini olib bormoqda. Navro‘z bayrami tadbirlari o‘tkaziladigan joylar, foydalanishga topshiriladigan yangi imoratlar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, savdo markazlari atroflarini tartibga keltirish, nihol va gul ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bog‘larda daraxtlarga shakl berilayotir.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki kun davomida 2 ming 876 gektar maydon obodonlashtirilib, 3 ming 952 tonna chiqindi chiqarib tashlanadi, 1 ming 573 kilometr uzunlikdagi ariq va lotoklar tozalanadi, 468 qabristonlar va 42 ziyoratgohlarda obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Bu ishlarga 980 texnika jalb etilgan.