Prezidentimiz Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Payariq tumanidagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuiga tashrif buyurdi.

O‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilindi.

Buyuk mutafakkir bobomiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy xoki mangu qo‘nim topgan ushbu maskan islom ma’rifati va ajdodlarimizning muqaddas dinimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini targ‘ib qiluvchi ulug‘ ziyoratgohdir. Xalqimiz ma’naviy hayotidan chuqur o‘rin olgan ushbu go‘shani rekonstruksiya qilish va uzoq-yaqin davlatlardan keladigan ziyoratchilar uchun yanada ko‘rkam qadamjoga aylantirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz 2017-yil noyabr oyida majmuaga tashrif buyurganida bu borada amalga oshiriladigan ishlar konsepsiyasi bilan tanishib, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar bergan edi. Shu asosda majmuani rekonstruksiya qilish hamda bu yerga ziyorat turizmi bo‘yicha keluvchi sayyohlar uchun barcha xizmat turlarini qamrab oluvchi mehmonxona va infratuzilma obyektlari qurish bo‘yicha loyiha-takliflar tayyorlandi.
Shavkat Mirziyoyevga shu haqda ma’lumot berildi.
Rasmiy 0202.jpg

Loyihaga ko‘ra, ta’mirlash ishlarini majmua hududini uch qismga ajratgan holda amalga oshirish mo‘ljallangan. Avvalo, yodgorlikning old qismini ikki qavat qilib ko‘tarish, masjidni kengaytirish, 250 o‘rinli zal, yuqori martabali mehmonlarni kutish xonalarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Majmua ro‘parasida mehmonxonalar, bozor, gipermarket, savdo va maishiy xizmat majmualari, kafe va choyxonalar, milliy hunarmandlik ustaxonalari, sport maydoni qurish rejalashtirilgan. Ushbu hudud va majmua o‘rtasida favvoralardan iborat 850 metrlik alleya barpo etish, uning yonida fransuz uslubida landshaft dizayni asosida bahavo yo‘laklar ochish rejalashtirilgan. Natijada bu yerda bir vaqtning o‘zida 3-4 ming sayyohga zamonaviy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Ushbu hudud yonida mahalliy va viloyatlararo qatnovchi avtobuslar uchun vokzal hamda 700 o‘rinli avtomobillar to‘xtash joyi quriladi, majmuaga olib boruvchi yo‘l bo‘yida qishloq aholisi uchun 2 qavatli turar joylar bunyo etiladi.

– Biz yurtimizda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida e’tibor berishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur konsepsiya loyihasini yana bir bor sinchiklab ko‘rib chiqish, majmuani Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamohang bo‘lishiga e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.
Rasmiy 0303.jpg

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA