Asrimizning ikkinchi o‘n yilligida Ispaniya jamoalari YeChLda o‘zlarining yakkahukmronligini o‘rnatdi. Ularni shohsupadan qaysi klub tushira oladi? Buni bilmadigu, ispanlarning statistikasiga nazar solib hayratdan yoqa ushlaysiz.
Kecha YeChL — 2017/2018 nimchorak final bahslari nihoyasiga yetganidan xabaringiz bor. Bu safar ham chorak finalda Pireney yarim orolidan 3 ta jamoa qatnashadi. Joriy mavsumni ham qo‘shib hisoblasak, ketma-ket 6 yildan beri Ispaniyadan 3 vakil bu bosqichga yetib kelmoqda. 8 birinchilikdan buyon kamida 2 ta superklub ¼ final vazifasini uddalashga erishgan. Qo‘shimchasiga bu chorak finalchilarning yo‘q deganda 2 tasi oxirgi 7 yilda keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qilishgan.
“Barselona” ketma ket 11 bor chorak finalga yo‘l olgan Yevropaning yagona jamoasi bo‘lib turibdi. “Real”dan boshqa hech qaysi jamoa orqama-keyin 7 marta yarim finalda qatnasha olgani yo‘q. Ko‘hna qitaning eng nufuzli musobaqasi tarixida 100 lik “dovon”ni zabt etgan 2 ta superyulduz ham sizga ma’lumki, Ispaniyada to‘p suradi: Messi va Ronaldu…
Eslatib o‘tamiz, YeChL va YeL chorak final bosqichiga qura tashlash marosimi ertaga soat 16:00 da boshlanadi.