Shu kunlarda Andijon viloyatining aksariyat hududlarida qalin tuman tushmoqda. Bu esa avtomobillarning erkin harakatlanishida qiyinchiliklar tug‘dirmoqda, ayrim hollarda ko‘ngilsiz hodisalarni yuzaga keltirmoqda.

Ana shunday holatlardan biri Andijon viloyati Izboskan tumanida yuz berdi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, Izboskan tumani hududidan o‘tgan “Poytug‘” temir yo‘lining 169 kilometr 10 piketda joylashgan  qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasida yuk ortib ketayotgan elektrovoz “Damas” rusumli avtomashina bilan to‘qnashib ketgan.

Davlat raqami 60 U 293 GA bo‘lgan damas avtomashinasi haydovchisi,  1988 yilda tug‘ilgan B.Yo. qalin tuman tufayli temir yo‘l kesishmasidan o‘tayotgan vaqtida harakatlanib kelayotgan elektrovozni ko‘rmay qolib, uning yo‘liga chiqib yuborgan.

Hodisa oqibatida damas haydovchisi tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.

F. UBAYDULLAEV, O‘zA