Bu haqida Samarqand viloyatining turistik salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va 2023 yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi o‘rinbosari – turizm va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobilov ma’lum qildi.

Avvalo, matbuot anjumani uchun Samarqand shahrida yangi ochilgan mehmonxonalardan biri tanlanganini qayd etish lozim. Atigi sakkiz sotix maydonda mahalliy tadbirkor tomonidan bunyod etilgan ixcham va xalqaro standartlarga mos mehmonxonada 50 o‘rin yaratilgan. 36 ta nomer lyuks va standart xonalardan iborat. Mehmonxonaning yerto‘lasi va tom qismi hisoblangan uchinchi qavatidan restoran va kafe sifatida foydalanish imkoniyati yaratilgan. Bu joylarda bir vaqtning o‘zida 180 kishigacha xizmat ko‘rsatish mumkin.

– bugungi kunda viloyatimizdagi mehmonxonalar soni 154 taga, ulardagi o‘rinlar soni 10719 taga yetdi, – dedi R.Qobilov. – Birgina joriy yilda qariyb to‘rt ming o‘rinli qirqqa yaqin mehmonxona foydalanishga topishirildi. Mazkur mehmonxona ham sentyabr oyida ishga tushdi. Davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyat va imtiyozlar tufayli tadbirkorlarimiz mana shu kabi kichik, ammo xalqaro talablarga to‘la mos joylashtirish vositalari tashkil etishga e’tibor qaratmoqda. Bundan tashqari, ayni paytda viloyatimizdagi mehmon uylari 305 tani, xostellar 48 tani, turoperatorlar 192 tani tashkil etmoqda. Kelgusi yilda viloyatimizda yana 30 ta mehmonxona, 100 dan ortiq mehmon uyi, 40 ta xostel tashkil etish rejalashtirilgan. Turoperatorlar yana 50 taga ko‘payadi.

O‘tayotgan yilda viloyatimizga avvalgi yillardan sezilarli darajada ko‘p sayyoh keldi. O‘n bir oy davomida Samarqandda bo‘lgan mahalliy sayyohlar 4,2 million, xorijliklar 1,2 million nafarni tashkil etdi. Xorijlik sayyohlarning katta qismi – 326,5 ming nafari rossiyaliklar, 268,7 ming nafari tojikistonliklar, 137 ming nafarini qozog‘istonliklar bo‘ldi. Shuningdek, Yevropa (149,5 ming), AQSH va Janubiy Amerika (98,2), Osiyo (96,3 ming), Yaqin Sharq (58,6 ming) davlatlaridan ham har qachongidan ko‘p turist keldi. Yil boshidan buyon kelgan sayyohlar sonini tahlil qilib ko‘rdik – kuniga 11800 nafar mahalliy sayyoh Samarqandni ziyorat qilayotgan ekan.

R.Qobilovning ta’kidlashicha, 2023 yilda viloyatning turistik salohiyatini oshirish uchun 6,2 trillion so‘mlik 160 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Buning natijasida 15700 ta yangi o‘rni yaratiladi.  Tuman va shaharlardagi 239 mahallani rivojlantirishning asosiy drayveri sifatida turizm belgilanib, zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Viloyatda ilk bor Samarqand shahrida gastronomik turizm klasteri, Payariq tumanida ziyorat turizmi klasteri, Toyloq tumanida vinochilik turizm klasteri, Nurobodda tibbiyot turizmi klasteri, Samarqand tumanida biznes turizm klasteri va Urgut tumanida tog‘ turizmi klasteri tashkil etiladi. Samarqand xalqaro aeroportidan amalga oshirilayotgan kunlik reyslar soni hozirgi 10 tadan 20 taga yetkaziladi. Sayyohlarning Samarqandda bo‘lish kunlarini oshirish maqsadida besh kunlik turizm dasturi ishlab chiqildi.

Ma’lum qilinishicha, kelgusi yilda Samarqandda 25 ta nufuzli xalqaro forum va anjumanlar o‘tkaziladi. Bu tadbirlarga hozirdan puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

G‘.HASANOV,  

A.ISROILOV (surat), O‘zA