Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limida umumta’lim maktablarida ta’lim oluvchi kam ta’minlangan oilalar farzandlariga qishki kiyim-kechaklar topshirildi.

Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldashev, sektorlar rahbarlari, Xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari ishtirok etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda  aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Jumladan, “Mehr harakati” doirasida ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga zarur bo‘lgan uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari berilmoqda. Tumanda kam ta’minlangan oilalar farzandlarining sifatli va tizimli ta’lim olishiga amaliy yordam berish, moddiy jihatdan qiynalgan oilalar farzandlarini qishki kiyim bilan ta’minlash borasida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tadbir yakunida tuman maktablarida ta’lim-tarbiya olayotgan kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarning 95 nafar farzandiga “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablag‘i hisobidan qishki kiyim-kechaklar tarqatildi.


Dovud Abibullayev, O‘zA