Mamlakat rivoji, xalq farovonligini ta’minlashda hukumat, davlat tashkilotlari bilan birga xalqaro tashkilotlar ham munosib hissa qo‘shadi. Hozirgi kunda yurtimizda ham bir nechta xalqaro tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) ulardan biri. USAIDning faoliyati nimalardan iborat?

Tashklotning tomonidan amalga oshirilgan loyihalar, mamlakatimiz uchun  ajratilgan grantlar haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida O‘zA muxbiri USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit bilan suhbatlashdi.

USAID O‘zbekistonda qanday loyihalarni amalga oshirmoqda? Ular haqida gapirib bersangiz.

– Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam AQSH hukumatining O‘zbekiston bilan hamkorligimizni mustahkamlash barqarorlik va farovonlikni rag‘batlantirish orqali O‘zbekistonning milliy suvereniteti va iqtisodiy mustaqilligini rivojlantirishga qaratilgan asosiy siyosat maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi. USAID strategiyasi 2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishlarni aks ettiradi. USAID mamlakatlarga grantlar, xayriyalar va texnik yordam kabi turli shakllarda loyihalar amalga oshiradi.

1993 yildan beri USAID O‘zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy savdoni oshirish, sud-huquq islohotlarini ilgari surish, fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va asosiy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish uchun 600 million dollarga yaqin grant ajratdi.

Bizning yana bir muhim yondashuvimiz mahalliy hamkorlarni – hukumat institutlari, fuqarolik jamiyati va xususiy sektorlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdir. Hozirga qadar USAID to‘rtta asosiy sektor bo‘yicha 25 dan ortiq mintaqaviy va ikki tomonlama dasturlarni amalga oshirib kelmoqda. Ular iqtisodiy o‘sish va atrof-muhit, ta’lim, sog‘liqni saqlash va demokratiya va boshqaruv yo‘nalishlaridir.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish maqsadida USAID savdoni osonlashtirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va mintaqada energiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha qator tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu o‘rinda aytish kerak, tadbirkorlik, biznes ko‘nikmalari va kasbiy ta’limni o‘zida mujassam etgan ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkilot  tomonidan 3,4 million

dollar ajratilmoqda. Masalan, birgina joriy yilning o‘zida USAID 1500 qishloq ayollarini biznesni rivojlantirish, qonuniy huquqlar, elektron tijorat va IT texnologiyalari hamda turli kasb-hunarlar bo‘yicha o‘qitdi. Quvonarlisi, bu ayollarning 500 dan ortig‘i allaqachon ishli bo‘lgan.

Shuningdek,USAID mingga yaqin qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va qayta ishlovchiga yangi texnologiyalar yoki boshqaruv amaliyotini o‘zlashtirishda, 3200 fermerga agrobiznes faoliyatini boshlash yoki yaxshilashda yordam berdi.

Shu o‘rinda, faoliyatimiz asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan ta’lim sohasidagi loyihalarga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman.  Xususan, xalq ta’limi vazirligining islohot va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun USAID 55 million dollargacha mablag‘ sarflash majburiyatini oldi. Bunga USAIDning 1-4-sinflarda o‘qish va matematikani yaxshilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) bo‘yicha ta’limni yaxshilash va ingliz tilini o‘qitishni yaxshilash bo‘yicha MOPE islohoti tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlovchi 29,5 million dollarlik to‘rt yillik dasturi kiradi. O‘tgan yili USAID 13 maktabda chet tiliga o‘qitish sifatida ingliz tili bo‘yicha yangi o‘quv dasturlari va materiallarni sinovdan o‘tkazdi. MOPE bu yil milliy miqyosda ushbu o‘quv qo‘llanmasini yo‘lga qo‘ygani, USAID tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan butun davlat maktablari tizimi uchun – 10 mingdan ortiq maktablarda taxminan 6,5 million o‘quvchi va o‘n minglab o‘qituvchilar uchun darsliklarni chop etganidan juda xursandmiz.

Shuningdek, USAID yaqinda MOPE bilan hamkorlikda 10 million dollarlik yana bir faoliyatni boshladi. Bu 8-11-sinf o‘quvchilarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga malakali xodim yoki tadbirkor sifatida kirib borish uchun zarur ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan loyihadir. Bu loyiha maktabdagi va maktabdan keyingi dasturlarni o‘z ichiga oladi. U O‘zbekiston iqtisodiyotida yetarli darajada xizmat ko‘rsatilmayotgan va kam ta’minlangan nogironligi bo‘lgan yosh ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

USAID huquqiy islohotlarni ilgari surishda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ishlaydi. Shuningdek, biz barcha uchun adolatni ta’minlash va O‘zbekiston adliya tizimida gender tengligini ta’minlash maqsadida Oliy sud, Sudyalar oliy maktabi va Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlik qilamiz.

Biz doimo gender va yoshlar integratsiyasi, ayollar, yoshlar va nogironlarning ijtimoiy va iqtisodiy hayotda teng ishtirok etishini ta’minlashga harakat qilamiz. Qolaversa, innovatsiyalarni faollashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha xususiy sektor bilan hamkorlikda ish olib boramiz. Eng asosiysi, raqamli transformatsiyani targ‘ib qilamiz va hukumatning “Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasini qo‘llab-quvvatlaymiz.

 USAID O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirishga  qaratilgan qanday loyihalarni amalga oshirmoqda?  

– Qo‘shma Shtatlar IT industriyasining rivojlanishi har bir mamlakat uchun muhim deb hisoblaydi. AKT yo‘nalishi iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi, eksportni oshiradi va shaffoflik, qonun ustuvorligi va teng imkoniyatlarni mustahkamlashning mukammal vositasi hisoblanadi.

Aytib o‘tganimdek, O‘zbekistonning raqamli transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash va hukumatning “Raqamli O‘zbekiston 2030” strategiyasi USAIDning barcha faoliyatiga kiritilgan. Masalan, USAID ushbu sohaga kirishni yoki IT biznesini ochishni xohlovchi yosh ayollarga IT va tadbirkorlik bo‘yicha treninglar o‘tkazadi. IT Park Uzbekiston bilan O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi yosh ayollar uchun tadbirkorlik imkoniyatlarini yaratuvchi Tumaris.Tech loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilamiz.

USAIDO‘zbekistonning IT -kompaniyalariga Google, Amazon, PayPal, SAP va Microsoft kabi xalqaro kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatishda yordam beradi.

 Meredit xonim O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholaysiz?  

Shu o‘rinda aytish kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotlari va O‘zbekistonning qo‘shnilari bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan sa’y-harakatlari mintaqani tubdan o‘zgartirdi. Amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar sarmoyaviy muhitni ijobiy darajada yaxshiladi.  O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish borasida ham sezilarli yutuqlarga erishildi. Bundan tashqari, inson huquqlarini qadrlash, fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalari uchun ko‘proq erkinliklar va biznes uchun qulay muhit yaratish borasida samarali ishlar qilinganini ko‘rishimiz mumkin.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston hukumati gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish, ayollar va yoshlarni mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotiga jalb etish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘ydi. Davlat rahbari ta’lim tizimini tubdan isloh qilishga alohida e’tibor qaratib, buning samarasida tizimda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda.

Xalqaro ekspert sifatida O‘zbekistonni yanada rivojlantirish uchun qanday taklif va tavsiyalar berasiz?

Prezidentingizning islohotlar dasturi ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarni boshlab berdi, biroq hali qilinadigan ishlar ko‘p. Fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilish, so‘z va uyushmalar erkinligi huquqlarini amalga oshirish uchun yana ko‘p ishlar qilish kerak. Ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning salohiyati, malakasi, tajribasidan haligacha sezilarli darajada foydalanilmayapti. Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonga tez, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishda yordam berishga tayyor. O‘zbekiston hukumati ayollarning to‘liq ishtirokini cheklovchi to‘siqlarni kamaytirish, jumladan, gender stereotiplari, kamsitish va genderga asoslangan zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun ko‘proq ish qilishi mumkin.

Afsuski, har qanday mamlakatda iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘lgan xususiy sektorning O‘zbekiston iqtisodiyotini to‘liq kengaytirishga yordam berishiga to‘sqinlik qiluvchi muhim tartibga soluvchi to‘siqlar hamon mavjud. Biz tegishli qonunchilik va intellektual mulk himoyasini ta’minlash orqali O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish tarafdorimiz. O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga a’zo bo‘lishi ham mamlakatdagi savdo va sarmoya hajmini tezlashtirishga yordam beradi. Ta’lim sohasidagi islohotlar o‘z samarasini berishi uchun vaqt talab etiladi. O‘qitish va o‘rganishning yangi modellariga ularning samaradorligini isbotlash va keyingi o‘zgarishlarni amalga oshirishda o‘ylangan, dalillarga asoslangan yondashuvni qo‘llash muhim ahamiyatga ega.

 Yurtimiz haqidagi taassurotlaringiz qanday?  

Bu zaminga kelganimga 18 oy bo‘ldi. O‘zbekiston xalqi va madaniyatiga oshiq bo‘lib qoldim. Ish faoliyatim taqozosi bilan O‘zbekistonning ko‘plab viloyatlariga borishga muvaffaq bo‘ldim. Afsonaviy Buxoro, Samarqand, Xivani, betakror Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Nukus shaharlari menda juda katta taassurot qoldirdi. Noyabr oyida singlim va jiyanim O‘zbekistonga keldi. Men ular bilan bu go‘zal mamlakatni aylanishga muvaffaq bo‘ldim. Boshqa ko‘plab vatandoshlarimga va do‘stlarimga ham ushbu g‘ayrioddiy, betakror mamlakatga tashrif buyurishni tavsiya qilaman. O‘zbekiston va o‘zbek xalqining salohiyati cheksiz, bu yerda ishlash, yashash imkoniga ega bo‘lganimdan minnatdorman.

O‘zA muxbiri  

Go‘zal Sattorova suhbatlashdi.