Qoraqalpog‘iston Respublikasida suyultirilgan gaz va ko‘mirni aholiga o‘z vaqtida yetkazib berish, birja savdolarida va yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxining sun’iy oshib ketishining oldini olish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

– bugungi kunda xususiy korxonalarga qarashli 123 ta avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi, 103 ta avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasi faoliyat olib bormoqda, – deydi “O‘zneftegazinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi rahbari Miras Berdibayev. – Shuningdek, 157 ta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi bo‘lib, shundan 121 tasi birja savdolarida ishtirok etib, olingan avtobenzinlarning chakana savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, “Taxiatosh neftbazasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli tumanlarda joylashgan fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 25 ta yoqilg‘i tarqatish shoxobchasi orqali “AI-80” markali benzin yetkazib berilmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalari orqali 1 m3 tabiiy gazning narxi 2200 so‘mdan, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalar orqali 1 litr “Ai-80” markali benzin 5700 so‘mdan sotilmoqda.

Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin narxining barqarorligini ta’minlash, sun’iy oshib ketishining oldini olish borasida “O‘zneftegazinspeksiya”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan hamkorlikda shoxobchalar rahbarlari va mutaxassislari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA