Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida Istiqlol shoirlari, davlat madhiyalari mualliflari Ahmad Javod, Abdulla Oripov, Mehmet Akif Ersoy” ijodiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya va Ahmad Javodning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Men haqiqat ovoziman” she’riy to‘plami taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu kitobdan shoirning Vatanga muhabbat, istiqlol, bayroq, sevgi mavzusidagi ozarbayjon va o‘zbek tillaridagi she’rlari joy olgan.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, dastavval, tadbir ishtirokchilari Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi loyihasi asosida universitetda tashkil etilgan “Nizomiy nomidagi tadqiqot markazi” bilan yaqindan tanishdilar. Ta’kidlash joiz, ushbu majmuada Markaz tashabbusi bilan chop etilgan o‘zbek tilidagi nashrlar, Ozarbayjon haqidagi kitoblar, shoir va yozuvchilar portretlari, milliy esdalik buyumlari jamlangan.

Oliy o‘quv yurti asosiy binosiga kiraverishda Anqaradagi Turk tarixi va madaniyati fondi tashabbusi ko‘magida tayyorlangan “Turkiston va Kavkazning noyob tarixiy xaritalari” nomli Ozarbayjon, O‘zbekiston, Turkiya ko‘rgazmasi namoyish etildi.

Ko‘rgazmada qadimiy Ozarbayjon hududlarini aks ettiruvchi tarixiy, asrlar davomida turklar yashagan hududlar jo bo‘lgan, buyuk geograflar tomonidan yaratilgan Sharqiy Turkiston, Markaziy Osiyo xaritalari, bugungi turkiy davlatlar va Kavkazning qadimgi davri, o‘rta asrlar, shuningdek, sobiq sovet davriga qadar yaratilgan hamda istiqlol davriga oid tarixiy xaritalar tomoshabinlar e’tiboriga havola qilingan.

Anjumanda so‘zga chiqqan TDPU rektori, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev Ahmad Javod, Abdulla Oripov, Mehmet Akif Ersoyning Vatan oldidagi tarixiy xizmati ulkan ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

U o‘zbek, ozarbayjon va turk xalqlari milliy ramzlariga to‘xtalib, uch mamlakat madhiyalari yaratilishida mualliflar ko‘rsatgan jonbozlik tahsinga sazovorligini ta’kidladi.

Rektor Ahmad Javodning o‘zbek tiliga tarjima qilingan “Men haqiqat ovoziman” kitobi qardosh xalq she’riyati bilan yaqindan tanishish imkonini berishini qayd etib, tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov umumiy tariximiz, adabiyotimizning ulug‘vor sahifalarini o‘rganish, tadqiq etish ulkan sharaf ekaniga urg‘u berdi. Sermazmun umri davomida mustaqillik g‘oyalariga sodiq qolgan, madhiyalarni yozib, abadiylikka erishgan har uchala shoir ijodi ozodlik, xalqlarimiz buyukligi, purviqor bayroqlarimiz tarannumi sifatida beqiyos ma’no kasb etishini e’tirof etdi.

Diplomat bu yil Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qaroriga muvofiq, Ozarbayjon adabiyotining taniqli vakili, buyuk shoir, taniqli pedagog va jamoat arbobi Ahmad Javod tavalludining 130 yilligi keng nishonlanayotgani, Ozarbayjon Madaniyat markazi loyihasi asosida adib asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, nashr etilayotganini bildirdi.

Turkiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi kotibi Bug‘ra Dog‘an Mehmet Akif Ersoy tomonidan yozilgan davlat madhiyasi noyob qahramonlik dostoni, turk ozodlik kurashi ruhi va ramzi ekanini ta’kidladi. Diplomat Ahmad Javod qalamiga mansub “Chayqalardi Qora dengiz” qo‘shig‘i Shushada g‘urur va tantana bilan ijro etilayotganini qayd etib, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy va adabiy aloqa kun sayin kengayib borayotganidan mamnun ekanini izhor qildi.

Anqaradagi Turk tarixi va madaniyati fondi rahbari Nizomiddin Oyqurt jamg‘arma tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarga to‘xtalib, ulug‘ shoirlar ijodi xalqlarimiz uchun ulug‘ ne’mat ekanini qayd etdi. Ahmad Javod ijodi qardosh Turkiyada ham sevib o‘qilajagini, bunday shaxslar abadiylikka daxldorligini ta’kidladi.

TIKAning O‘zbekiston vakolatxonasi rahbari Jemalettin Tunay universitetning o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Feruza Burxonova, dotsenti Dilafro‘z Qalandarova, Ahmad Javodning “Men haqiqat ovoziman” she’riy kitobi tarjimoni Shahlo Qosimova istiqlol shoirlari ijodidagi ko‘plab umumiy jihatlarni tahlil qilib berishdi.

Qardosh turkiy xalqlar hamjihatligini yanada mustahkamlab, adabiyotimizni dunyoga tanitishga xizmat qiladigan mazkur tadbir yakunida ishtirokchilarga “Men haqiqat ovoziman” kitobi tarqatildi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA