Bugun Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da viloyatda bo‘shab qolgan o‘ringa O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi saylovini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma majlis o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi.

Unda Markaziy Saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev so‘z olib, nomzodni saylash tartibi to‘g‘risida yig‘ilganlarga atroflicha ma’lumot berdi.

Saylov kodeksiga ko‘ra, majlisga rais etib Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Jamoliddin Hamroyev saylab olindi. Shundan so‘ng majlis reglamenti, majlis kotibiyati, qo‘shma majlis ishini yuritish bo‘yicha hay’at a’zolari, maslahatlashuv kengashi, sanoq komissiyasi a’zoligi nomzodlari ovozga qo‘yildi hamda deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida bo‘shab qolgan o‘ringa Navoiy viloyatidan Oliy Majlis Senati a’zosini saylash masalasi ko‘rib chiqildi.

Senat a’zoligiga Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov nomzodi ilgari surildi. Shundan so‘ng yashirin ovoz berish jarayonlari o‘tkazildi. Sanoq komissiyasi xulosasiga ko‘ra, qo‘shma majlisda 312 nafar deputat qatnashdi, ulardan 309 nafari nomzodni yoqlab ovoz berdi.

Ovoz berish natijalaridan kelib chiqib, viloyat hokimi N. Tursunov ko‘pchilik ovozi bilan Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylandi. Senatning yangi saylangan a’zosi amaldagi qonunchilikka asosan, Markaziy saylov komissiyasi majlisida ko‘rib chiqiladi va belgilangan tartibda ruyxatga olinadi.

O‘zA