Bugun axborot kommunikatsiyalari texnologiyalari hayotimizdan muhim o‘rin egallab bormoqda. Barcha sohada axborotlashtirish, raqamlashtirish, elektron davlat xizmatlarini yanada kengaytirish, avtomatlashtirilgan xizmatlar ulushini oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Axborot sohasining huquqiy asoslarini umumlashtirish, ushbu yo‘nalishdagi huquqiy hujjatlarni yagona kodeksga birlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Axborot kodeksi loyihasi ishlab chiqildi. Axborot kodeksi loyihasi regulation.gov.uz portaliga jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Kodeks axborotlashtirish, axborot resurslari va axborot tizimlaridan foydalanish, axborotni erkin izlash, olish, tadqiq etish, uzatish hamda tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqni amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan, shuningdek, axborotning muhofaza qilinishini hamda shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini, huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.

14 bob, 131 moddadan iborat loyihada axborot sohasiga oid ko‘plab tushunchalar hamda sohadagi munosabatlarning huquqiy asoslari batafsil ochib berilgan.

Kodeks loyihasining muhokamasi shu yil 29 dekabrga qadar davom etadi.

 

M.Komilova, O‘zA